Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi munosabati bilan Belarus poytaxti – Minsk shahridagi Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi xodimlari, Minskda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Farg‘ona viloyati delegatsiyasi a’zolari, Belarus ijodiy hamjamiyati vakillari, shuningdek, ushbu mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba vatandoshlarimiz ishtirok etdi.

Alisher Navoiy boy adabiy-ma’rifiy merosi bilan haqli ravishda dunyo adabiyotining buyuk namoyandalari orasida alohida o‘rin tutishi, adibimizning bebaho asarlari mamlakatimizda va xalqaro miqyosda katta qiziqish bilan o‘rganib kelinayotgani qayd etildi.

Allomaning «Mahbub-ul qulub» asari o‘tgan yil belarus tiliga o‘girilib, nashr qilingani, shu munosabat bilan maxsus taqdimoti o‘tkazilgani, mazkur kitob o‘quvchilar e’tiborini qozonayotgani ta’kidlandi. Hazrat hayotiy tajribasining o‘ziga xos ko‘zgusi hisoblangan bu asar yosh avlod uchun sharaf va ahloq kodeksi sifatida zamonlar osha dolzarbligini yo‘qotmagani urg‘ulandi.

Umuman, ayni tarjima Navoiy bobomizning belarus tilida mutolaa qilinayotgan yagona asari emas. 1993 yil Minskda Alisher Navoiy g‘azallaridan iborat «Lirika» kitobi ham chop etilgan. Ushbu to‘plam taniqli tarjimon Vasil Jukovich tomonidan o‘girilgan.

O‘zA