Samarqandlik bir guruh jurnalistlar Turkiya Respublikasining Samarqand shahridagi bosh konsulligiga borib, bu yerda tashkil etilgan ta’ziya daftariga hamdardlik izhorlarini bitdi.

Bosh konsul Salih Janerga hamdardlik bildirib, Samarqanddagi ommaviy axborot vositalari vakillari turk qadrdoshlarimiz boshiga tushgan musibatni chuqur qayg‘u bilan qabul qilganliklarini va bu sinovli kunlarda ularga imkon qadar yordam berishga tayyorliklarini ma’lum qildi. Ayni paytda butun mamlakatimizda, jumladan, Samarqandda ham Turkiya xalqiga yordam berish uchun xayriya aksiyalari o‘tkazilayotgani va bunda ommaviy axborot vositalari vakillari ham faol ishtirok etayotgani ta’kidlandi.

Salih Janer jurnalistlarga minnatdorlik bildirib, Turkiyadagi bugungi sinovli kunlarda O‘zbekiston rahbariyati va xalqi ularni faol qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi. O‘zbekiston Prezidenti va hukumati, Samarqand viloyati hokimligining Turkiyada ro‘y bergan zilzila munosabati bilan turk xalqiga ko‘rsatayotgan e’tiborini qadrlashini bildirdi.

G‘.HASANOV, 
O‘zA