Rossiya – Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden “PBS” telekanaliga bergan intervyusida “Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Ukraina oldidagi vaqtinchalik majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi, bu Kiyevga qat’iy yordam berishini tasdiqlaydi”, dedi.
Amerika yetakchisi, shuningdek, “Kiyevga qancha va nima zarur bo‘lsa shuncha yordam berishni davom ettiramiz. Ziddiyat davom etar ekan biz qo‘lni qovushtirib o‘tira olmaymiz”, deb qo‘shimcha qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha Parijda Prezident Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashgan. Bu haqda “France-Presse” agentligi xabar berdi.
Shuningdek, Londonda Ukraina yetakchisini Buyuk Britaniya Qiroli Karl III qabul qildi. Bu haqda Bukingem saroyiga tayanib, “BBC” xabar berdi.
Londondagi Zelenskiy bilan uchrashuvda Bosh vazir Rishi Sunak Buyuk Britaniya Ukrainaga uzoq masofaga otuvchi qurollarni ko‘proq yetkazib berishi to‘g‘risida va’da bergan.
YeIga a’zo davlat va hukumat rahbarlarining ikki kunlik uchrashuvidagi asosiy mavzu Ukraina ziddiyati to‘g‘risida bo‘ladi, deyiladi matbuot uchun tarqatilgan bayonotda. Bir yil ichida ilk marta Zelenskiyning Bryusselda YeI oliy martabali vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
NATOga a’zo davlatlar Ukrainaga yetkazib bergan harbiy, iqtisodiy, gumanitar va boshqa turdagi yordamlarining umumiy hajmi 120 milliard dollardan oshib ketdi, deb ma’lumot berdi Shimoliy Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
“NATOning muhim a’zosi – Qo‘shma Shtatlar bu harakatlarda misli ko‘rilmagan ishni bajarmoqda”, dedi u.
“Afsuski hali Moskva tinchlik muzokaralari o‘tkazish haqida o‘ylamayapti. Shu bois biz Ukrainaga qurol-yarog‘lar yetkazib berishni davom ettirishimiz kerak. Kelajakda ular qatoriga G‘arbning jangovar samolyotlari ham kiradi”, deb qo‘shimcha qildi Bosh kotib.
AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Vashingtonda Stoltenberg bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Italiya sobiq Bosh vaziri, senator, “Olg‘a, Italiya” partiyasi yetakchisi Silvio Berluskoni Ukraina atrofidagi vaziyatdan xavotir bildirib, “ziddiyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilishning kelajagini ko‘rmayotganini” aytdi.
“ANSA” agentligi uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: “Kiyev qon to‘kish va vayronagarchilik ko‘rinishida juda yuqori darajada jabr ko‘rmoqda. Bu esa turg‘unlik va iqtisodiy inqirozga olib keladi”.
Germaniya hukumati nemis kompaniyalariga zaxiradagi Ukrainaga 178 tagacha jangovar Leopard 1A5 tanklarini eksport qilishga ruxsat berdi. Bu haqda Germaniya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Germaniyaning Yevropadagi hamkor mamlakatlari bilan tanklarni yetkazib berishni moliyalashtirish, ukrainalik harbiylarni mazkur texnikadan foydalanishni o‘rgatish masalalarini yaqindan muvofiqlashtiriladi.
Nemis “Rheinmetall” kompaniyasining bosh direktori Armin Pappergerning bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu yil dastlabki 20-25 tank Ukrainaga yetkazib beriladi. Qolgan 88 texnikani 2024 yil oxiriga jo‘natish rejalanayotganini aytgan.
Kiyevda sovet uchuvchisi Valeriy Chkalov haykali olib tashlandi, deb xabar berdi Ukrainaning “Strana” nashri. Taniqli uchuvchi-sinovchi Chkalovga haykal 1981 yilda o‘rnatilgan edi.
Abror XON, O‘zA