Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qilishicha, Turkiyaning janubi-sharqida va Suriyaning shimolida yuz bergan zilziladan jabr ko‘rganlar soni 23 million kishiga yetishi mumkin.

Azertaj axborot agentligining yozishicha,  JSST favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vakili Adelxeyd Marshang Turkiya va Suriyadagi zilzila yoki keyingi ro‘y beradigan aftershoklar 23 million kishining jabr ko‘rishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytgan.

JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesusning ta’kidlashicha, tashkilot Turkiya va Suriya hukumatini qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hamkorlar bilan ish olib bormoqda. Bosh direktor, shuningdek, ikki mamlakatga tibbiy dori-darmonlar yuklangan uchta charter reyslar jo‘natilganini ma’lum qildi. «Biz kundalik eng zarur buyumlarni to‘playapmiz va JSSTning tez tibbiy yordami brigadalari tarmoqlarini faollashtirmoqdamiz. Ular yaradorlarga va eng nochor odamlarga zarur tibbiy yordamini ko‘rsatadi», – deya qo‘shimcha qilgan Tedros Adxanom Gebreyesus.