Xabaringiz bor, 2022 yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan Jinoyat kodeksining 159-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblangan 22 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinovning xabar berishicha, 18 va 21 nafar shaxsga (barchasiga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan) nisbatan Jinoyat kodeksining 244-moddasi va boshqa tegishli moddalar bilan bo‘lgan 2 ta jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan 2023 yil 17 yanvar kuni mazmunan ko‘rish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga yuborildi.
Hozirda mazkur jinoyat ishlari sud tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari tergovi doirasida 3 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov natijasi bo‘yicha jinoyat ishlarining sudga yuborilishi ta’minlanadi.
O‘zA