O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshidagi Ekojurnalistlar kengashi tomonidan Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan yig‘ilish «Ekologiya va sohaga oid muammolarni OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda yoritish bo‘yicha taklif va tavsiyalar» mavzusiga bag‘ishlandi.

Asosan ekologiya sohasini yoritishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Xolmurod Salimov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish maqsadi hamda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, Uyushma qoshidagi Ekojurnalistlar kengashi faoliyatini jonlantirish, sohaga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga ijodiy-uslubiy yordam berish bo‘yicha joriy yil amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida so‘z yuritdi.

Erkin muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilishda Ekojurnalistlar kengashi raisi N. Qosimova, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy kengashi raisining Yoshlar va OAV bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari K. Jumaniyozov, Tabiat resurslari vazirligi Axborot xizmati rahbari I. Do‘stmurodov va boshqalar ekologiya va sohaga oid muammolarni OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda yoritishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularning yechimi, hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, berilgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Jurnalistlar Barno Sultonova, Xonbibi Himmat qizi, O‘ljaboy Qarshiyev va boshqalar Uyushma qoshidagi Ekojurnalistlar kengashi ishini rivojlantirish, sohaga ixtisoslashgan OAV vakillarini rag‘batlantirib borish, kengash faollarining alohida telegram guruhini tashkil etish, ekojurnalistlar ishtirokidagi press-turlarni ko‘paytirish kabi masala va muammolar bo‘yicha fikr-mulohazalarini o‘rtaga tashladi.

Yig‘ilishda keyingi o‘quv yilidan jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarida ekojurnalistlar tayyorlash bo‘yicha alohida yo‘nalishlar ochish, maktab darsliklariga o‘quvchilarning ekologik bilimlarini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha ma’lumotlar kiritish bo‘yicha bildirilgan takliflarni tegishli vazirliklarga yuborish, har chorakda eng faol ekojurnalistni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan rag‘batlantirib borishga kelishib olindi, deya xabar beradi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi axborot xizmati.

O‘zA