O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida Navoiy va Bobur ijodiga bag‘ishlab g‘azalxonlik kechasi o‘tkazildi.

Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Berlin shahridagi elchixonasi, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakilligi hamda Gumboldt universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Gumboldt universiteti Markaziy Osiyo bo‘limining professor-o‘qituvchilari va o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijlik talabalarning “O‘zbek tili do‘stlari” klubi a’zolari ishtirok etdi.

1810 yilda asos solingan Gumboldt universiteti Germaniyaning eng ko‘hna va yirik oliy o‘quv yurtlaridan biri sanalib, 9 ta fakultetdan iborat. bugungi kunda universitetda 38 ming nafar talaba tahsil oladi. Bu yerda dunyoga mashhur olimlar, jumladan, 29 nafar Nobel mukofoti laureatlari yetishib chiqqan va faoliyat ko‘rsatgan.

1995 yilda universitetning Markaziy Osiyo bo‘limi tashkil etilib, xorijlik talabalar uchun dastlabki o‘zbek tili kurslari ochilgan. Kurslarni tugatgan talabalarning aksariyati ilmiy ishlarini O‘zbekistonning siyosiy-iqtisodiy, ilmiy-madaniy hayotiga oid mavzularda yozadi.

Elchixona tashabbusi bilan universitetda «O‘zbek tili do‘stlari» klubi tashkil etilgan bo‘lib, unga a’zo xorijlik talabalar ishtirokida turli adabiy va madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Shu bilan birga klub doimiy ravishda o‘zbek tilidagi badiiy va ilmiy risolalar, jumladan, o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunosligiga oid qo‘llanmalar, nasriy va she’riy asarlar, o‘zbek yozuvchilari hayoti va ijodiga oid kitoblar bilan ta’minlab kelinmoqda.

Universitetning Markaziy Osiyo bo‘limi Samarqand davlat chet tillari instituti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. O‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) ko‘magida Samarqandda amaliy kurslarda qatnashadi.

Tadbirda Germaniyadagi vatandoshlarimiz ham ishtirok etdi. Bu albatta, germaniyalik talabalarga ham amaliyot, ham qiziqarli tanishuv bo‘ldi. Xorijlik talabalar O‘zbekiston haqida o‘zbek tilida qisqacha ma’lumotlar berdi hamda o‘zbek tilida o‘tkazilgan qiziqarli suhbat davomida milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz bilan yaqindan tanishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Gumboldt universiteti Sharq tillari bo‘limi o‘zbek tili o‘qituvchisi doktor Ayfer Durdu xonim o‘zbek tilini o‘rganish universitetda bugun an’anaga aylangani, bu yerda nafaqat o‘zbek tilini, balki o‘zbek madaniyati, tarixi, urf-odatlari haqida ham keng bilim olish imkoniyati mavjudligini ta’kidladi.

– O‘tgan davr mobaynida bu yerda o‘zbek tilini o‘rgangan ko‘plab talabalar O‘zbekistonga tashrif buyurib, o‘z bilimlarini oshirish bilan birga o‘zbek adabiyoti, madaniyatiga oid magistrlik va doktorlik ishlarini yozdi, – deydi  Ayfer Durdu xonim. – Kelgusida talabalar bilan birgalikda O‘zbekistonga safar qilib, universitetlar bilan aloqalarni kuchaytirish va yozgi kurslarda qatnashishni rejalashtirganmiz.

Tadbirda Navoiy va Bobur g‘azallaridan namunalar o‘qildi. Faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari hamda Navoiy g‘azallari to‘plamining nemis tilidagi tarjimasi taqdim etildi. O‘zbek taomlari tortilgan dasturxon va osh mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Kamoliddin Bediyev,  

O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining    

Germaniyadagi vakili.  

Berlin shahri