Barchaga ma’lum, yaqinda Turkiya va Suriya davlatida kuzatilgan zilzila natijasida minglab uy-joylar, inshootlar vayronaga aylandi. Mutaxassislar bu uylarning ko‘pi yangi qurilgan uylar ekanligini qayd etishmoqda.
bugungi kunda ko‘pchilik yurtdoshlarimizda mamlakatimizda qurilayotgan uy-joylar zilzilaga bardoshliligi tajribadan o‘tkazilganmi, necha ballgacha zilzilaga bardosh bera olishi yuzasidan savollar paydo bo‘lyapti.
Bu kabi savollarga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi quyidagicha javob berdi:
“Shaharsozlik kodeksining 5-bob, 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qo‘yilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati sub’ektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik ko‘rish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qat’iy nazorat qilinadi. Shuningdek, ob’ektni foydalanishga qabul qilib olish davrida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik norma va qoidalari talablariga rioya etilishi tekshiriladi.
Ob’ektlarni qurish chog‘ida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati bo‘lishi talab etiladi. Belgilangan qonunchilikka ko‘ra, bino va inshootlarning zilzila bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, fuqaro hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi konstruktiv qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda qurilish-montaj ishlari to‘xtatib qo‘yiladi. Shu bilan birga demontaj ishlari amalga oshirilishi talab qilinadi.
Agar sifatsiz qurilish materiallari, konstruksiyalar hamda buyumlar qo‘llanilgan bo‘lsa, ularni ishlab chiqarishni, realizatsiya qilish hamda qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuboriladi.
Bu jarayonlarda qurilishda nazorat inspeksiyasi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari ekspertlari ishtirokida davlat nazorati tartibida tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Fuqarolik kodeksining tegishli moddalarida qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qo‘yilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, loyiha tashkilotlari tomonidan qurilishlar hududning belgilangan seysmik baliga ko‘ra (7, 8, 9) rejalashtirilgan holda loyihalashtiriladi. Ekspertiza organlari tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda ob’ektning loyiha smeta hujjatlari, yig‘ma ekspertiza xulosasi (bunda yong‘in xavfsizligi va seysmik bardoshliligi inobatga olinishi zarur) olinadi”, deyiladi vazirlik javobida.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA