Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi «Aysel Energy» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, bu yilgi qish ancha sovuq bo‘lgani elektr energiyasi tizimidagi muammolarni yaqqol yuzaga chiqardi. Xususan, ayrim eski transformatorlar yuklanishni ko‘tara olmay, elektr ta’minotida uzilishlarkuzatildi.
Davlatimiz rahbari soha mutasaddilariga elektr tarmoqlarini yangilash, zarur jihozlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Bu tashrif o‘sha vazifalar ijrosi, kelgusida energetik muammolarning oldini olishga qaratilgan ishlarning bir qismi.
«Aysel Energy» yiliga 10 ming dona yirik elektr uskunalari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Turkiya texnologiyasi o‘rnatilgan korxonada mahalliylashtirish darajasi 70 foizga yetgan. Natijada mahsulot ishlab chiqarish tannarxi va o‘rnatish xarajati kam. Bu eskirgan transformatorlarni nafaqat poytaxtda, balki butun respublikada yangilash imkonini beradi.
Mutasaddilar bu yil mamlakatimizda 3 ming 200 ta transformator, 12 ming kilometr kabellarga zarurat borligi haqida axborot berdi. Davlatimiz rahbari import tahlilidan kelib chiqib, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy mahsulotlarga buyurtmalarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.
Umuman, energetika sohasidagi bunday ishlar elektr tarmoqlarining barqarorligini oshirishda muhim omil bo‘ladi.