Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bilan uchrashdi.
Samimiy muloqot chog‘ida Farg‘ona viloyati hamda Tojikistonning viloyatlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xususan paxtachilik, pillachilik, bog‘dorchilik va turizm sohalarida hamkorlikni, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish borasida fikr almashildi.
Elchi Abdujabbor Rahmonzoda Farg‘ona va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasida imzolangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga oid “yo‘l xaritasi”, Farg‘ona viloyati delegatsiyasining 2022 yil 8-9 sentyabr kunlari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Tojikistonning Sug‘d viloyatiga tashrifi davomida imzolangan kelishuvlar, ikki viloyat o‘rtasida hududlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqanini qayd etdi.
Qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Tojikiston viloyatlariga Qo‘qondagi “Indorama” korxonasida ishlab chiqarilayotgan o‘g‘itlarni eksport qilish, Farg‘ona viloyati va Tojikiston teatrlarining o‘zaro gastrollarini tashkil etish, Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy ta’lim muassasalari xalqaro forumida oliygohlar rektorlari ishtirokini ta’minlash, ziyorat va tibbiy turizm yo‘nalishlarida hamkorlik qilish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
“Andarxon” nazorat-o‘tkazish punkti yonidagi maydonda quriladigan erkin savdo zonasi mintaqaviy ulgurji va chakana savdoni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishi qayd etildi. Joriy yilda Farg‘ona viloyati hamda Tojikistonning Xatlon viloyati o‘rtasida hududlararo hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha ham kelishib olindi.
M.Sulaymonov, O‘zA