O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda o‘tgan qisqa davr mobaynida qonunchilik bazasini tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish, shu bilan birga amaldagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.

Biroq tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha sohalarda olib borilayotgan izchil islohotlar – amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni, yangi huquqiy normalarni qonunlarimizda aks ettirishni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlanishini takomillashtirish maqsadida Senat qo‘mitalari tomonidan qator qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rganildi va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirildi.

Tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmagani, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelingani, shuningdek, qabul qilingan ayrim qonunlardagi normalar amaliyotda nomuvofiqliklarni keltirib chiqarayotgani sababli ularni bugungi kun talabi asosida qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini ko‘rsatdi.

Xususan, Senat tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2018 yilda qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan monitoring amalga oshirildi.

Qayd etish joizki, ushbu qonun qabul qilinganidan keyin o‘tgan qisqa vaqt mobaynida byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligi oshishida, davlat xaridlari sohasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning bir xillashuvida katta o‘rin tutdi.

Shunga qaramasdan, amalga oshirilgan monitoringlar qonunda xarid qilish tartib taomillarining faqatgina 2 ta turi elektron shaklda amalga oshirilishi belgilanganligi, benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqlanishiga oid normalar nazarda tutilmagani, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ushbu qonunga muvofiq tartibga solinmaganligi, eng asosiysi, davlat xaridlarini amalga oshirishning muddatlari aksariyat davlat buyurtmachilarining e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ko‘rsatdi.

Mazkur muammoli masalalar yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar asosida qonun qayta ko‘rib chiqilib, 2021 yil 22 aprelda yangi tahrirda qabul qilindi. Unda davlat xaridlarini amalga oshirishning barcha turlari, shu jumladan, tender, eng yaxshi takliflarni tanlash, savdolar elektron shaklda amalga oshirilishi belgilanganligi natijasida inson omilining qisqarishiga erishildi.

Shu bilan birga davlat xaridlari jarayonida yanada shaffoflikni ta’minlash, tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilish, shuningdek, korrupsion holatlarni bartaraf etish maqsadida benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqlanishi belgilandi.

Yana bir muhim jihat – strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ushbu qonunga muvofiq xarid tartib-taomillari asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutildi. Davlat xaridlarini amalga oshirish muddatlari qayta ko‘rib chiqilib, qisqartirilishi natijasida davlat dasturlarida belgilangan xaridlarni o‘z vaqtida bajarish imkoniyati oshdi.

O‘zA