Azaliy do‘st va qardosh xalqlarning tarixida yangi sahifa ochib bergan muhim sana – O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligi keng nishonlanmoqda.
Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshovuz viloyatlari o‘rtasidagi “Shovot” chegara bojxona postida ushbu sana munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat arboblari, faxriylar, yoshlar, jamoatchilik va ikki xalq vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘tgan yillarda O‘zbekiston – Turkmaniston munosabatlari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik ezgu an’analariga tayangan holda jadal rivojlanib borayotganligini alohida ta’kidladi.
– bugungi tadbir tom ma’noda o‘ziga xos do‘stlik bayrami va ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik, qon-qardoshlik, mehr-oqibat tantanasi sifatida qalbimizga g‘urur-iftixor baxsh etmoqda, — deydi mehnat faxriysi Aminboy Vafoyev.– Taraqqiyotning oydin yo‘llariga chiqib olgan O‘zbekiston va Turkmaniston davlatlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovlarning do‘stona hamkorligi tufayli ikki millat do‘stligi, qardoshligi va ezgu an’analari yanada rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
– Biz azal-azaldan bir tuproqda yashab, yerlari yerlariga, dillari dillariga tutashib ketgan, orzu-umidlari, maqsad-muddaolari, tili, adabiyoti va madaniyati mushtarak xalqmiz, – deydi Davlatnazar Rajabov. – Shu boisdan ham bunday ezgu hamkorlik va sa’y-harakatlardan faqat davlatlargina emas, balki turkman va o‘zbek xalqi ham manfaatdordir. Shuning uchun ham men Xorazm viloyatida istiqomat qilayotgan o‘n mingdan ortiq turkmanlar nomidan mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan insonlarga minnatdorchilik bildiraman.
Albatta, hamkorlik aloqalarimiz mintaqamizda hukm surib turgan tinchlik, siyosiy va iqtisodiy barqarorlik muhitida yanada keng quloch yozadi. bugungi tarixiy sanalar, tadbir va uchrashuvlar ikki do‘st xalq uchun yurtlarimiz ravnaqi yo‘lidagi ulug‘vor niyatlarimizga qanot bag‘ishlaydi.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA muxbiri