Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Turkmaniston xalqi va Hukumati nomidan hamda shaxsan o‘z nomimdan Siz va birodar o‘zbek xalqiga Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklar va eng ezgu tilaklarni yo‘llash men uchun katta sharafdir.

O‘tgan yillar davomida an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch rishtalariga asoslangan ikki tomonlama birodarlik aloqalari hamkorlikning tobora yangi yo‘nalishlarini qamrab olgan holda muttasil rivojlandi.

bugungi kunda Turkmaniston – O‘zbekiston munosabatlarining mazmuni davlatlararo sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollariga nisbatan qarashlarimizda ham, global rivojlanish tendensiyalariga oid qarashlarimizda ham o‘rtamizdagi o‘zaro anglashuv bilan belgilanayotganini mamnuniyat bilan qayd etishni istardim.

Turkmaniston va O‘zbekistonni xalqaro hayotga oid muhim masalalarga yondashuvlarning o‘xshashligi yoki mosligi bog‘lab turadi.

Bu mamlakatlarimizning xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida yo‘lga qo‘yilgan tizimli hamkorligida ham yorqin ifodasini topmoqda.

O‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar ham yaxshi sur’at namoyish etmoqda, savdo aylanmasi muntazam oshib bormoqda, energetika, transport-kommunikatsiya va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik ham faol ravishda kengaymoqda.

Madaniyat, ilm-fan, ta’lim sohalaridagi ikki tomonlama aloqalar ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Bu esa xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, azaliy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash uchun ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.

Turkmaniston va O‘zbekistonning strategik sherikligi birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan bundan keyin ham umumiy farovonlik yo‘lida jadal sur’atlar bilan rivojlanib, mustahkamlanib borishiga ishonchim komil.

So‘zim yakunida Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa bardavom taraqqiyot va ravnaq tilayman.

Chuqur ehtirom ila,

Serdar BERDIMUHAMEDOV,

Turkmaniston Prezidenti