Mamlakatimizda biznes va investitsiyalar yo‘lidagi turli to‘siqlar olib tashlanib, ochiq va qat’iy siyosat olib borilmoqda. Bu esa mamlakatimizning Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki kabi yirik xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishida muhim omil bo‘ldi.

Olib borilayotgan faol tashqi siyosat natijasida respublikamizga investitsiya kiritayotgan mamlakatlar geografiyasi ham kengaymoqda. 2022 yilga kelib, iqtisodiyotimizga investitsiya kiritgan mamlakatlar soni 50 dan ortdi. Ularning orasida Rossiya, Xitoy, Turkiya, Germaniya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar yetakchilik qilmoqda.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tahlillariga ko‘ra, mamlakatimizga kiritilayotgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 2017 yilda 3,3 milliard AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yakunida ushbu ko‘rsatkich uch barobar ortib, 9,8 milliard AQSH dollariga yetdi. Buning natijasida xorijiy investitsiyalar va kreditlarning jami investitsiyalardagi ulushi 23,8 foizdan 40,5 foizgacha ortdi.

Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 2017 yilda 2,5 milliard AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022yilga kelib 3,4 barobar oshdi va 8,5 milliard AQSH dollariga yetdi. Ularning jami investitsiyalardagi ulushi esa 17,7 foizdan 35,4 foizgacha oshdi.

Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni ham yil sayin ortib bormoqda. Deylik, 2017 yilda 5,5 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib, ularning soni 15,8 mingtaga yetdi.

Buning 6,4 mingtasi qo‘shma korxona, 9,3 mingtasi to‘liq xorijiy korxona hisoblanadi. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning 30,5 foizi savdo, 27,5 foizi sanoat, 8,0 foizi qurilish, 4,8 foizi qishloq xo‘jaligi, 4,1 foizi yashab turish va ovqatlanish muassasalari, 2,9 foizi saqlash va tashish, 4,8 foizi aloqa va axborot yo‘nalishlarida, 17,4 foizi boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda.

 O‘zA