Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasida belgilandi.

Loyihada aytilishicha, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlarini doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali, ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmagan holda ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, mazkur shakldagi davlat xizmatlari bilan 4 millionga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qamrab olinadi.

Elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha proaktiv tarzda (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan fuqaro murojaatini kutmasdan) davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada, yiliga o‘rtacha 300 mingta ariza bo‘yicha elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichini qiyoslashdan o‘tkazish xizmatlari proaktiv tarzda ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Endilikda byudjet mablag‘lari hisobidan jismoniy va yuridik shaxslarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatish, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini maxsus elektron platforma orqali onlayn tekshirish mumkin bo‘ladi. Masalan, 2022 yilda nodavlat bog‘chalar uchun elektron tizim orqali subsidiya ajratishga o‘tish orqali har oyda 20 milliard so‘m iqtisod qilingan.

Ma’lumot uchun farmon yuzasidan jamoatchilik muhokamalari joriy yil 17 fevralga qadar davom etadi.

O‘zA