Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 353 nafar yigit-qizga subsidiya asosida asbob-uskunalar topshirildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan  mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish orqali bandligini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. 2021 yildan boshlab  yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini aniqlash va ularni hal etish maqsadida “Yoshlar daftari” tizimi joriy qilindi. Shundan, To‘rtko‘l tumanida bugungi kungacha jami 6903 nafar yosh “Yoshlar daftari” ga kiritilib har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi.

Bu boradagi  “Nukus tajribasi” asosida 2022 yil dekabr oyida tumandagi 37 ta mahalla va ovul fuqarolar yig‘inida 52 ming 197 nafar yosh uyma-uy yurish orqali xatlovdan o‘tkazilib,  ulardan 788 nafarini “Yoshlar daftari” ga kiritish bo‘yicha tavsiya berildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 353 nafar yoshlarga 490 ta asbob-uskuna jamlanmasini,  jumladan, 166 ta tikuv mashinasi, 50 ta pishiriq pechi va mikser, 31 ta motokultivator va boshqa qurilish anjomlarini topshirdi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri