Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash hamda kichik biznesni rivojlantirishga qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Unda o‘tgan yilning o‘zida kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizga tushgani ma’lum qilindi. 1 million aholi kasb-hunarga o‘qitilib, ish boshlashiga ko‘maklashilib, kambag‘allikdan olib chiqilgan. O‘tgan yil davomida 200 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilinib, 10 mingta korxona faoliyati kengaytirildi, 11 mingta korxona faoliyati esa qayta tiklangan.

Yil davomida kambag‘allik chegarasi qanday o‘zgargan va qaysi hududlarda aholi daromadlari o‘sgan, qaysi hududlar kambag‘allikni qisqartirish ko‘rsatkichlarini yaxshilay olmagani Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tahlil qilindi.

Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi bilan birgalikda uy xo‘jaliklari byudjeti bo‘yicha amalga oshirgan tekshiruvi ma’lumotlari asosida 2021-2022 yillarda O‘zbekiston aholisi farovonligi darajasining o‘zgarishi tahlili o‘tkazildi.

2021 yilda o‘tkazilgan so‘rovda 10 mingga yaqin oila ishtirok etgan bo‘lsa, 2022 yilda 14 mingdan ortiq uy xo‘jaliklari qamrab olindi. Shu bilan birga, so‘rovda ishtirok etgan uy xo‘jaliklari xarajatlar hajmi bo‘yicha o‘nta guruhga bo‘lingan va ushbu oilalardan eng kam xarajat (daromad)ga ega bo‘lgan uy xo‘jaliklari alohida ajratilgan.

Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekistonda 2022 yil yakuniga ko‘ra, kambag‘allik darajasi o‘tgan yilga nisbatan 3 foizga kamaygan va 14 foizni tashkil etgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, kambag‘allik darajasining pasayishi Sirdaryo, Toshkent, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida qayd etilgan.

Shu bilan birga, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida kambag‘allikni kamaytirish ko‘rsatkichlarida sezilarli yaxshilanishga erishilmagan.

O‘zbekiston hududlari bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlar

Aholi jon boshiga o‘rtacha 8,8 foizga oshdi.

Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarini o‘z ichiga olgan 8 ta hududda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad o‘rtachadan past bo‘ldi.

Keyingi 6 ta hudud – Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyatlarida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, Toshkent shahrida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadlarning o‘sishi respublika bo‘yicha o‘rtachadan yuqori ekanligi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, aholi daromadlari tarkibida kichik biznesdan tushgan daromadlarning ulushi 2 baravar, qishloq xo‘jaligidan olinadigan daromadlarning ulushi 3 baravar oshgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan barcha yo‘nalishlarda o‘rganishlar, tahlillar davom etmoqda.

 

O‘zA