Kuni kecha “Kabar” agentligi Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tadqiqotlar instituti direktori Kanatbek Aziz bilan ayni mavzuda muloqot uyushtirdi. Suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi muammolarni hal etishda davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlangan.
Muxbir so‘nggi paytda Markaziy Osiyo davlatlari yuqori martabali rasmiylari, ekspert va tahlilchilari ishtirokida mintaqaviy integratsiya masalasiga bag‘ishlangan bir necha yirik tadbir uyushtirilganini ta’kidlarkan, dastlab mutaxassisning nima sababdan ushbu mavzu dolzarb ahamiyat kasb etgani haqidagi fikri bilan qiziqdi.
– Aslida, sobiq ittifoq parchalangandan keyin Markaziy Osiyo mamlakatlari bir necha bor integratsiyalashuv jarayonini yo‘lga qo‘yishga uringan, – deydi Kanatbek Aziz bu savolga javob tariqasida. – Adashmasam, mazkur masalani ilk bor Nursulton Nazarboyev ko‘targan va hozircha bunga erta, degan edi. bugungi kunda esa mintaqaviy loyihalarga kuchli ehtiyoj yuzaga chiqdi. Ushbu masalani har kim har xil tushunadi: qaror qabul qilishdan tortib, ekspertlar, fuqarolik jamiyati fikrlarigacha.
Hozir dunyo tez o‘zgaryapti. Voqealar jadalligi, tig‘izligi darajasi juda yuqori. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, endi vaziyat avvalgidek emas. Mavjud muammolarni jipslikda bartaraf qilish, “qiyin kunlardan” birgalikda o‘tish shart.
Masalan, Markaziy Osiyo uchun juda dolzarb hisoblangan iqlim o‘zgarishi oqibatiga bir mamlakat darajasida kurashish befoyda. Buning uchun mintaqadagi barcha davlatlar sa’y-harakatini birlashtirish zarur. Aks holda hududimiz sahroga aylanadi.
Ekspert intervyu davomida mintaqa davlatlarining ikki va ko‘p tomonlama sherikligiga doir masalaga ham qisqacha to‘xtaldi.
– Davlatlarimiz rahbarlarining hamkorlikni kengaytirishga nisbatan siyosiy irodasini e’tirof etish kerak. Keyingi yillarda bu yondashuv yangi ijobiy mazmun, tushuncha kasb etmoqda. Mintaqa uchun sinergik ta’sir ko‘rsatadigan hamkorlik misollari paydo bo‘lmoqda. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara masalasi xuddi shunday tarzda hal qilindi. Ayni voqea allaqachon tarixga kirdi. Uzviy hamkorlik jarayonini boshlab beradigan bunday qarorlar kelajak uchun juda muhim.
G.Sattorova tayyorladi.
O‘zA