Biroz oldin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi rahbari Sadir Japarovning taklifiga binoan, 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga borishi haqida xabar bergan edik.

Shu munosabat bilan O‘zA muxbiri ayni payt Toshkent shahrida o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etayotgan Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevdan qisqa intervyu oldi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi mazmunli o‘tishiga ishonaman, – dedi J.Kulubayev. – Tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlangan. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy, siyosiy, madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlash.

Qardosh davlat tashqi ishlar mahkamasi rahbari suhbat davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston azaliy qardosh yurtlar, xalqlarimiz esa birodar, “og‘a-ini” ekanini alohida qayd etdi. Bishkekda o‘tadigan muzokaraga alohida to‘xtalarkan, u ikki tomonlama munosabat yangi bosqichga ko‘tarilishi, ayniqsa, savdo-investitsiya, turizm, aholi o‘rtasidagi muloqot barqarorlashishiga umid bildirdi.

Behruz Xudoyberdiyev, Doniyor Yakubov (video), O‘zA