O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 17-mart kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Samarqand viloyati mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yuqori, boy tarix va madaniyatga ega hududlaridan biri hisoblanadi. Respublikamizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, shahar va qishloqlarining kun sayin o‘zgarib, obod bo‘lib borayotgani, aholi turmush farovonligi yuksalayotganida ham o‘z aksini topmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yilda viloyatga tashriflari chog‘ida Samarqand shahri va boshqa tuman, shaharlarda qurilish-bunyodkorlik ishlarini keng ko‘lamda davom ettirish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan vazifalarni belgilab bergan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Yangi sanoat korxonalari, tadbirkorlik subyektlari tashkil etildi. Mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi oshdi. Zamonaviy uy-joylar, infratuzilma obyektlari bunyod etildi. Tashriflar chog‘ida taqdimoti o‘tkazilgan 15 ta loyiha ishga tushirildi, 18 tasi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda olib borilayotgan bu kabi ishlar, belgilangan vazifalarning ijrosi va loyihalarning amaliy natijasi Prezidentimizning doimiy e’tiborida.
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini Imom Buxoriy majmuasi ziyoratidan boshladi.
O‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi.
Buyuk mutafakkir bobomiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy xoki mangu qo‘nim topgan ushbu maskan islom ma’rifati va ajdodlarimizning muqaddas dinimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini targ‘ib qiluvchi ulug‘ ziyoratgohdir. Xalqimiz ma’naviy hayotidan chuqur o‘rin olgan ushbu go‘shani rekonstruksiya qilish va uzoq-yaqin davlatlardan keladigan ziyoratchilar uchun yanada ko‘rkam qadamjoga aylantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz 2017-yil noyabr oyida majmuaga tashrif buyurganida bu borada amalga oshiriladigan ishlar konsepsiyasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan edi. Shu asosda majmuani rekonstruksiya qilish hamda ushbu maskanga ziyorat turizmi bo‘yicha keluvchi sayyohlar uchun barcha xizmat turlarini qamrab oluvchi mehmonxona va infratuzilma obyektlari qurish bo‘yicha loyiha-takliflar tayyorlandi.
Shavkat Mirziyoyevga shu haqda ma’lumot berildi.
Loyihaga ko‘ra, ta’mirlash ishlarini majmua hududini uch qismga ajratgan holda bosqichma-bosqich amalga oshirish mo‘ljallangan. Avvalo, yodgorlikning old qismini ikki qavat qilib ko‘tarish, masjidni kengaytirish, 250 o‘rinli zal, yuqori martabali mehmonlarni kutish xonalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.
Majmua ro‘parasida mehmonxonalar, bozor, gipermarket, savdo va maishiy xizmat majmualari, kafe va choyxonalar, milliy hunarmandlik ustaxonalari, sport maydoni qurish rejalashtirilgan. Ushbu hudud va majmua o‘rtasida favvoralardan iborat 850 metrlik alleya, uning yonida fransuz uslubida landshaft dizayni asosida bahavo yo‘laklar barpo etiladi. Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida majmua yaqinida mahalliy va viloyatlararo yo‘nalishlarda qatnovchi avtobuslar uchun avtovokzal hamda 700 o‘rinli avtomobillar to‘xtash joyi quriladi, majmuaga olib boruvchi yo‘l bo‘yida qishloq aholisi uchun ikki qavatli turar joylar bunyod etish belgilangan.
Bu ishlar amalga oshirilgach, ziyoratgohda bir vaqtning o‘zida 3-4 ming sayyohga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
– Biz yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur konsepsiya loyihasini yana bir bor sinchiklab ko‘rib chiqish, majmuaning Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamohang bo‘lishiga e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi doirasida Oqdaryo tumanidagi “Daromad baxt omad” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxona bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan ishchilar bilan suhbatlashdi.
Gidroponika – bu o‘simliklarni sun’iy muhitda tuproqsiz yetishtirish usulidir. Unda o‘simliklar ozuqani ildizlarini o‘rab turgan eritmadan oladi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi salohiyatini yanada oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda eksportbop mahsulot yetishtirish maqsadida barcha hududlarda gidroponika usulida issiqxonalar tashkil etilmoqda. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Bunday issiqxonaning yana bir afzalligi shundaki, unda maxsus unumdor yerga zarurat yo‘q. To‘liq avtomatlashtirilgan nazorat tizimi bilan boshqariladi. Joydan maksimal darajada foydalanish imkoniyati mavjud. Mahsulot yetishtirish uchun sarflanadigan energiya resurslari ancha arzon. Tejamkor usulda sug‘orish va oziqlantirish tizimi mavjud.
“Daromad baxt omad” mas’uliyati cheklangan jamiyatida hozir 4 gektar maydonda gidroponika usulida tashkil etilgan issiqxonada pomidor parvarishlanmoqda. 22 doimiy, 30 dan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Issiqxonaning dastlabki hosilidan 220 tonnadan ortiq mahsulot yig‘ishtirib olinib, uning qariyb teng yarmi Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinadi.
– Oqdaryo tumanini paxtadan ozod qildik, – dedi Prezident. – Tumanning zax, toshloq yerlariga gidroponika juda mos. Bunday issiqxonalarni kengaytirish, nima bozorbop bo‘lsa, shuni ekish kerak. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun mutaxassislar tayyorlash zarur.
Shu yerda Samarqand viloyatida parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, meva-sabzavot yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.
Prezident loyihalar qamrovini oshirish, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.
Davlatimiz rahbari soya yog‘i xaridorgir va sog‘liq uchun foydali ekani, uning shroti parranda uchun zarur ozuqa bo‘lishini ta’kidladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni keng ko‘lamda davom ettirish va rivojlantirish uchun soya yetishtiruvchilar assotsiatsiyasini tuzish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Prezidentimiz Oqdaryo tumanidagi “Mushtariy Oqdaryo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tikuvchilik fabrikasida ham bo‘ldi.
O‘tgan yili noyabrda ish boshlagan ushbu korxonada xotin-qizlar va bolalar uchun 20 xilga yaqin trikotaj mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Tabiiy matodan tayyorlanayotgan sifatli kiyim-kechaklarning asosiy qismi Rossiya, AQSh va Qozog‘istonga eksport qilinmoqda. Bu yerda ayni paytda 500 yuzga yaqin xotin-qiz, jumladan, kollej bitiruvchilari mehnat qilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev fabrikaning ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Bunday zamonaviy korxonalar iqtisodiyotni barqarorlashtirish, aholini ish bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutishini, shu kabi fabrikalarni har bir tumanda kamida ikkitadan tashkil etish, trikotaj klasterlari yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Birinchi navbatda, iqtisodi nisbatan og‘ir bo‘lgan Qo‘shrabot, Nurobod singari tumanlarda bu kabi trikotaj korxonalarini tashkil qilishimiz kerak, – dedi Prezidentimiz. – Yetishtirilayotgan paxta hosilini imkon qadar viloyatlarning o‘zida qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotishni yo‘lga qo‘yish har jihatdan foydali bo‘ladi. Qancha ko‘p ish o‘rni yaratsak, aholi bizdan shunchalik ko‘p rozi bo‘ladi, turmush farovonligi yaxshilanadi.
Shu yerda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar, viloyatda tashkil etiladigan kichik sanoat zonalari va ixcham gidroenergetika stansiyalari loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Kattaqo‘rg‘on shahri misolida Jahon banki ishtirokida kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish dasturi haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyiha va dasturlarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Samarqandda “KamAZ” avtomobillari ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishuv chog‘ida Prezidentimiz mahalliylashtirish, avtomobillar ekportini oshirish lozimligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyev Ishtixon tumani «Xumo» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Xina qishlog‘ida «Ishtixon tomorqa xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Prezidentimizning 2017-yil 10-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aholi daromadini ko‘paytirish, tomorqadan unumli foydalanishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Joriy yilda tashkil etilgan jamiyat yuqori navli ko‘chat va urug‘ yetishtirish va tarqatish, zotdor chorva mollari yetkazish, aholi tomorqasiga texnik xizmat ko‘rsatish, o‘simliklarga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish xizmatini tashkil qilish, yetishtirilgan mahsulotni sotib olish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Xina qishlog‘ida 1 ming 200 dan ziyod aholi tasarrufida bugungi kunda 34,2 gektar tomorqa mavjud. Bu yerda tomorqadan unumli foydalanish, oila farovonligini ta’minlash bilan birga, dasturxonimiz to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari mazkur qishloqda yashovchi Toshquvvat Rajabov xonadoniga tashrif buyurdi.
71 yoshli Toshquvvat ota 14 farzandni el koriga yaraydigan inson qilib tarbiyalagan. Bugungi kunda ular qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot va tadbirkorlik sohalarida yurtimiz taraqqiyoti uchun mehnat qilmoqda. Otaxon tomorqasida issiqxona qurib, pomidor va bodring parvarishini yo‘lga qo‘ygan. Bu yil tomorqadan 10 million so‘m daromad olishni mo‘ljallamoqda.
Shu yerda “Obod qishloq” dasturi asosida Nurobod tumani Jom qishlog‘ini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bog‘cha, dehqon bozori, turar joy binolarini ta’mirlash, qishloq vrachlik punktini rekonstruksiya qilish kabi muhim loyihalar taqdimoti o‘tkzildi.
– Tomorqadan qishin-yozin daromad olsa bo‘ladi. Biror qarich yer bo‘sh turmasligi lozim, aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini oshirishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu kuni Pastdarg‘om tumani hokimligida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini yanada oshirish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Aholini elektr energiyasi, tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, 11 ta qishloqlararo va tumanlararo yangi avtobus yo‘nalishlari ochish, Samarqand viloyatida qo‘shimcha 642 namunaviy loyihadagi arzon uylar qurish, ayollar va yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish masalalari haqida so‘z yuritilib, mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.?
Prezidentimizning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.