O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifing 2022 yil davomida “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan olib borilgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Unda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Rustambek Eshbekovning ma’lum qilishicha, 2022 yilda “O‘zkimyosanoat” AJ ijro apparatiga tushgan jami murojaatlar soni 528 tani tashkil etgan. Uning 129 tasi yuridik shaxslardan, 399 tasi jismoniy shaxslardandir.

–Natijalarga ahamiyat qaratadigan bo‘lsak, murojaatlarning 84 tasi qanoatlantirilgan, 429 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 15 tasi esa ko‘rib chiqilmoqda, – dedi R.Eshbekov. – Murojaatlarning 195 tasi ishga kirish, 58 tasi mineral o‘g‘itlar eksporti, 47 tasi homiylik yordami ko‘rsatish, 45 tasi qonun va tartib buzilishlari, 30 tasi mineral o‘g‘itlar sotib olish, 21 tasi hamkorlik qilish, 20 tasi ish haqini oshirish, 15 tasi debitor va kreditor qarzdorlik, 5 tasi konvertatsiya, 1 tasi imtiyozli nafaqaga chiqish va 91 tasi boshqa masalalar bilan bog‘liqdir.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali “O‘zkimyosanoat” AJga jami 226 ta murojaat yo‘llangan. Ulardan 35 tasi qanoatlantirilgan, 183 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan, 5 tasi rad etilgan, 8 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ushbu murojaatlarning aksariyati Navoiy, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yashovchi fuqarolarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari orqali 6 ta murojaat kelib tushgan. Uning 2 tasi ijobiy hal qilingan, 4 tasi bo‘yicha tushuntirish berilgan. 87 ta murojaat esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi orqali yo‘llangan.

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA