O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 86 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi hamda “Inson o‘zing” nomli maqolalar, xotiralar, izhorlar va Turkiy adabiyot durdonalari loyihasida chop etilgan “Saylanma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Adabiyotshunoslar fikricha, Erkin Vohidov she’riyatida 20-asrning 2-yarmining ma’naviy muhiti chuqur va teran badiiy tahlil etiladi. Uning she’ri hayot go‘zalligi ma’rifatini kashf qilib boradi. Ziddiyatli, murakkab dunyoda insonning o‘rni va yashamoqning asl ma’no-mazmunini aniqlaydi. Erkin Vohidov she’riyatida inson shunisi bilan qimmatliki, u hayotning achchiq haqiqatlaridan, qarama-qarshiliklaridan, hayotiy  murakkab jarayonlardan aslo ko‘z yummaydi, yuz o‘girmaydi, balki shu tinimsiz jarayon  ichida hayot oqimiga, atrof-muhitga, o‘zini qurshagan borliqqa dadil, matonat bilan faol ta’sir ko‘rsatishga intiladi.

Shoirning she’riyatida davrning bezovta, izlovchan ruhi o‘ziga xos, takrorlanmas obrazlarda aks etadi. Iztirobli o‘ylar, o‘tkir publitsistik ruh, keskin kinoyali ohang bilan to‘liq yetuk asarlarida o‘z davrining adolatsiz tuzumidan norozilik, ijtimoiy turg‘unlik, egasizlik, qulchilik, mash’um yakka hukmronlik va makkorona ko‘rinishdagi istibdod nayranglariga qarshi isyonkor va tug‘yonli so‘zini aytadi. Millatning uyg‘onishi, o‘zini tanishi, ma’rifatli olamda boshqa ilg‘or xalqlar qatoridan o‘z tarixiy o‘rnini topishi uchun qayg‘uradi. Ozodlik, ziyolilik va haqiqat Erkin Vohidov ijodining yetakchi g‘oyalaridir. Bu jihatdan shoir  Behbudiy, Cho‘lpon, Avloniy, Qodiriy singari ma’rifatparvarlarning 60-yillardagi ijodiy davomchisi sifatida maydonga chiqdi.

Erkin Vohidovning «Orzu chashmasi», «Nido» (1964), «Quyosh maskani» (1970), «Baxmal» (1974), «Ruhlar isyoni» (1978— 79), «Toshkent sadosi» (1983) kabi asarlari o‘zbek dostonchiligining yetuk namunalaridandir. «Ruhlar isyoni»da otashin bengal shoiri Nazrul Islom siymosi orqali vatan ozodligi va milliy istiqlol g‘oyalari tarannum etilgan. «O‘zbegim» qasidasi (1968) kommunistik mustabid tuzum davrida milliy uyg‘onishimizga barakali ta’sir ko‘rsatdi.

Erkin Vohidov dramaturg, tarjimon  sifatida ham mohir ijodkor edi. Ayni paytda ustoz shoirning asarlari nemis, fransuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va qardosh turkiy xalqlar tillarida nashr etilgan.

Tadbirda ustoz  Erkin Vohidovning hayoti, faoliyati,  ijodining o‘ziga xosligi haqida batafsil so‘z yuritildi.

“Inson o‘zing” nomli maqolalar, xotiralar, izhorlar va Turkiy adabiyot durdonalari loyihasida chop etilgan “Saylanma” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zA