Mo‘ynoq tumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Turizm va madaniy meros vazirligi va tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Karakalpakstan Tourism Forum” o‘tkazildi.

Ilk marotaba tashkillashtirilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari,  Turizm va madaniy meros vaziri R.Zarikeyev, Mo‘ynoq tumani hokimi B.Menglibekov, turizm sohasida xalqaro loyihalar bo‘yicha ekspert N.Shabbozova va boshqalar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda, shu jumladan, Orolbo‘yida turizmni rivojlantirish, xorijiy sayyohlarni jalb qilish, ularga qulay shart-sharoit yaratish va sifatli xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar kabi turizm ham jadal rivojlanmoqda. Respublikada ichki turizmni ommalashtirish, xorijiy sayyohlarni jalb qilish maqsadida hukumatimiz tomonidan bir qator qarorlar, loyihalar amalga oshirilmoqda, yangi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Joriy yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarida 133 milliard so‘mlik  72 ta loyiha amalga oshirildi va shuning natijasida 950 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Yil boshidan shahar va tumanlarda 6 ta oilaviy mehmon uyi, 4 ta hostel tashkil etilib, ularning soni 61 taga yetdi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro turizm yarmarkasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham faol ishtirok etib, 4 milliard 800 million so‘mlik shartnoma imzolandi.

Global pandemiya davriga qaramasdan 2021 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 284 ming nafar mahalliy va 25 ming nafarga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yil davomida 600 ming nafardan ziyod mahalliy va 50 ming nafardan ziyod xorijiy sayyoh kelgan.

Mo‘ynoq tumani alohida turistik destinatsiya sifatida bir qator diqqatga sazovor joylarga ega bo‘lib, o‘ziga xos tomonlari bilan ajralib turadi. Tumanda “NavrUz” etnofestivali, milliy ot sporti, “Stixiya” elektron musiqa, san’at va ilm-fan festivali, Ustyurt tekisligi bo‘ylab “Rally Muynak” ekstremal avtopoygasi, “Orol va Mo‘ynoqning qayta tiklanishi” xalqaro ekofestivali, “Orol baliqlaridan 99 turdagi taomlar” gastronomik festivali tashkil etildi. Mo‘ynoqning turistik ob’ektlaridan tuman markazining o‘zida “Hunarmandlar xiyoboni”, “Shoirlar xiyoboni”, “Muynak Times” minora-soati, “Orol dengizi tarixi muzeyi”, “Mayak” o‘tovlar majmuasi, Ekologiya muzeyi kabi yirik madaniy, madaniy-ko‘ngilochar va selfi-ob’ektlar barpo etilgan.

Forum doirasida shahar va tumanlarning turizm imkoniyatlari taqdimoti, Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib boruvchi turizm sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarining ko‘rgazmalari tashkil etildi. Shuningdek, turizm sohasidagi so‘nggi yangiliklar, muammolar va ularni yechish yo‘llari bo‘yicha suhbat va uchrashuvlar o‘tkazilib, turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar va yaqin kelajakdagi rejalar tanishtirildi.

Bundan tashqari, turizm sohasiga raqamli iqtisodiyot tamoyillarini joriy qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi va ko‘magida ishlab chiqilgan “Welcome to Muynak” interaktiv turistik xaritasi va www.yurtashop.uz (http://www.yurtashop.uz/) onlayn suvenir do‘koni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.


Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA