Ostona, 15-mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.
Ma’lumki, Qozog‘iston Respublikasi 2018-yilni mamlakatda O‘zbekiston yili deb e’lon qilgan. Bu qozoq eli va Qozog‘iston davlatining o‘zbek xalqiga, mamlakatimizga hurmati, ehtiromi ramzidir.
Shu munosabat bilan “Ostona opera” teatrida tashkil etilgan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Prezidentlari va Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari a’zolari, diplomatik korpus vakillari, xorijlik faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev nutq so‘zladilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari mazkur yirik tadbir ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni birinchi darajali “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
O‘zbek san’at ustalarining chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, festivallar o‘tkazish, Qozog‘iston madaniyat ahlining O‘zbekistonda tashriflarini amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
O‘zA