Bugun – 1 dekabr kuni Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutida «Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishda Shimoliy Yevropa mamlakatlari tajribasi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston va Finlyandiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish hamda Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi, Finlyandiya parlamenti (Eduskunta) bilan hamkorlik parlamentlararo guruhi rahbari Dilorom Fayziyeva O‘zbekiston va Finlyandiya parlamentlarining Mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishdagi roli xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi amalga oshirilishida so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorlikda qabul qilinayotgan kelishuvlar va uning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

O‘z navbatida, Finlyandiya parlamenti delegatsiyasi a’zolariga boshchilik qilayotgan «Finlyandiya – Markaziy Osiyo parlamentlararo do‘stlik guruhi» rahbari K. Kilyunen yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va milliy parlamentimiz, uning huzuridagi Institut faoliyatini yuqori baholadi.

Finlyandiya parlamenti faoliyatida mintaqaviy hamjihatlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishdagi roli haqida atroflicha so‘z yuritib, bu borada Oliy Majlis palatalari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirilishiga ishonch bildirdi.

Davra suhbatida kirish so‘zi bilan ishtirok etgan Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berdi. Institut axborot-tahliliy ma’lumotlar berib borish bilan ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha milliy parlamentimizga Finlyandiya parlamenti bilan o‘zaro samarali hamkorlik olib borilishida ishtirok etishini bildirdi.

Tadbir davomida Finlyandiya Suv Forumi loyihasi rahbari Arvo Nermanning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Finlyandiyada sinovdan o‘tgan va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan bir necha loyihalar haqida ma’ruzasi tinglandi va keltirib o‘tilgan aniq ma’lumotlar va tajribalarga asosan takliflar bildirildi.

Uchrashuv davomida davra suhbati ishtirokchilarining O‘zbekiston va Finlyandiyaning mazkur masaladagi amaliyoti bo‘yicha fikr va mulohazalari tinglandi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda muhokama etilgan masalalar yuzasidan parlamentlararo hamkorlik doirasida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

 

O‘zA