Tegishli qonunchilikka ko‘ra, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganida fondga biriktirilgan tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, ta’mirlash, obodonlashtirish va ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish fondning asosiy vazifalaridan qilib belgilangan edi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Vaqf” xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov ishtirokidagi brifingda shu xususda so‘z bordi.

Qayd etilishicha, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘tgan 2018-2022 yillar davomida tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ta’mirlash uchun 15 milliard 249 million 400 ming so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan. Ziyoratgohlarning ishchi-xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va ish haqlari uchun 22 milliard 390 million 100 ming so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.

O‘tgan 2021 yilda fond tomonidan respublika bo‘yicha 15 ta ob’ektga jami 2 milliard 626 million 400 ming 950 so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan. Xususan, Samarqand shahridagi “Shohi-Zinda” yodgorlik majmuasiga 442 million 661 ming 808 so‘m, Xorazm viloyatidagi “Pahlavon Mahmud” ziyoratgohiga 734 million 413 ming 502 so‘m, “Said Alovuddin Pir” ziyoratgohiga 541 million 727 ming 470 so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan.

Shundan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida joylashgan “Sulton Uvays Bobo” majmuasi qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 700 million so‘m, “Hakim ota Sulaymon Boqirg‘oniy” ziyoratgohidagi maqbara va masjid ta’miri uchun 90 million so‘m sarflangan.

Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida respublikamiz bo‘yicha jami 16 ta ob’ektga 1 milliard 949 million 890 ming 735 so‘m ajratilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA