Xabar berganimizdek, poytaxtimizda Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan II Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Nufuzli anjumanning ochilish marosimida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Ma’lumki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi.

Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan. Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.

–Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud ta’lim sohasini, xususan, maktabgacha ta’limni tubdan modernizatsiya qilishga qaror qildik.Shu maqsadda yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etdik. Bog‘chalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini keng qo‘llash, o‘quv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari. –Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik. Bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar soni 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi.

O‘zA