Har bir mamlakatning izchil taraqqiyoti boshqa davlatlar bilan keng ko‘lamli mustahkam hamkorligiga, tashqi siyosatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishiga bog‘liq.

Shu ma’noda Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati – yurtimiz davlat rahbarlari ishtirokidagi ko‘plab yirik, nufuzli tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etayotgani, bunday tadbirlar doirasida ko‘plab muhim xalqaro hujjatlar imzolanayotgani jahon hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Kuni kecha Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar rahbarlari yig‘ilishi yakunlandi. Quyida sammitda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan oliy martabali mehmonlar bilan bog‘liq ba’zi raqamlarga to‘xtalamiz. Aniqrog‘i, “Joriy yil davomida O‘zbekistonga qaysi davlat rahbari necha bor tashrif buyurdi?”, degan savolga javob qidiramiz.

Eslatib o‘tamiz, ushbu yirik xalqaro sammitda Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti sammitiga kelishi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning yurtimizga joriy yildagi uchinchi tashrifи bo‘ldi.

Ilhom Aliyev Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, 2022 yil 21 iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan edi. U Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun 15 sentyabr kuni ham Samarqandga kelgan.

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan 29 mart kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an rafiqasi bilan birga mamlakatimizga kelgan edi. Erdog‘an janoblari 15 sentyabr kuni ham Samarqandga kelgan.

Turkiya yetakchisining TDT Samarqand sammitida ishtirok etishi uning 2022 yil o‘tgan davri davomida yurtimizga uchinchi bor tashrif buyurganini anglatadi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 14 iyul kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan.

Davlatimiz rahbari taklifiga binoan, Serdar Berdimuhamedov SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida faxriy mehmon sifatida ishtirok etish uchun 15 sentyabr kuni yana mamlakatimizga keldi.

Demak, Turkmanistonning hozirgi yetakchisi joriy yil yurtimizga ikki marotaba tashrif buyurgan.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joiz, ushbu mamlakat Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov 10-11 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib, Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammitida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida qatnashish uchun 9 noyabr kuni Samarqandga keldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Budapeshtga borgan edi. Tashrif davomida Vengriya Prezidenti Katalina Novak bilan uchrashuv bo‘ldi. So‘ng Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban tor doirada hamda kengaytirilgan tarkibda muloqot qildi. Yakunda ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.

Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashida qatnashgan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov TDT sammitida ham ishtirok etdi. Binobarin, Qirg‘iziston yetakchisi ko‘hna va hamisha navqiron kentimiz Samarqandni shu yilning o‘zida ikki bor ziyorat qilishga muyassar bo‘ldi.

Darvoqe, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgan.

Ushbu sovrinning ilk sohibi sifatida Samarqandda turkiy dunyo birligiga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun buyuk adib va jamoat arbobi, ulug‘ gumanist Chingiz Aytmatov e’tirof etildi. Mukofotni aynan Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov qabul qilib oldi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun 15 sentyabr kuni mamlakatimizga kelgan edi.

Mazkur qardosh mamlakat rahbari TDT oliy darajadagi anjumani munosabati bilan amaliy tashrif bilan 10 noyabr kuni yana bir bor zaminimizga qadam qo‘ydi. Ayon bo‘ladiki, bu Toqayevning yurtimizga joriy yil mobaynidagi ikkinchi tashrifи.

Bu mavzuda so‘z borar ekan, O‘zbekiston yaxshi qo‘shnichilik va mintaqaviy sheriklik masalasida o‘ziga xos, mutlaqo yangicha va eng muhimi barcha tomonlar uchun manfaatli, samarali siyosat olib borayotganini ta’kidlash zarur. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ayni haqiqat xalqaro maydonda ham keng e’tirof etilmoqda.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA