Munosabat

2021 yildan boshlab davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, 2022 yil 22 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi ochiq muloqot davomida ham tadbirkorlar tomonidan bir qator taklif va murojaatlar bildirilgan edi. Yakunda davlatimiz rahbari tomonidan ushbu taklif va murojaatlar yechimi bo‘yicha beshta asosiy yo‘nalish belgilab berilib, ularning har biri bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va chora-tadbirlar berilishi ma’lum qilingan edi.

Yaqinda imzolangan “Tadbirkorlik sub’ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan ushbu muloqtda aytib o‘tilgan bir qator imtiyoz va yengilliklarni tadbirkorlar faoliyatiga tatbiq etish mexanizmlari belgilab berildi.

Xususan, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmasdan tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan jarima qo‘llanmaslik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu imtiyoz eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi. Bu esa, bugun o‘z tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirishni istagan barcha darajadagi tadbirkorlar uchun sog‘lom raqobat muhitidagi teng imkoniyat demakdir.

Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi  amalga oshirib boriladi.

Bunda, Dastur doirasida eksportchi korxonalarni saralab olishda quyidagi mezonlarga alohida e’tibor qaratiladi. Eksportchi korxonalar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan hamda kamida so‘nggi ikki yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi, oxirgi 12 oy mobaynida eksport qilingan tayyor mahsulot summasi 1 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lishi, umumiy tushum hajmida eksportdan tushum ulushi 30 foizdan yuqori bo‘lishi hamda oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmida muddati o‘tgan debitor qarzdorlikning ulushi 5 foizdan kam bo‘lishi hisobga olinadi.

Shu bilan birga, vazirlik tomonidan korxonalar ro‘yxati mazkur mezonlarga muvofiq shaffof tarzda Eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash yagona portalida www.exportportali.uzda onlayn tartibda avtomatik reyting asosida shakllantirilib, har 6 oyda yangilab boriladi.

Farmon bilan dasturga kiritilgan eksportchi korxonalarga yana bir qator yordam va imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirganda nol darajali qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan soliqning oshib ketgan qismi ularning murojaatiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida to‘liq qaytarib beriladi.

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda:

eksport hajmi 1 million dollardan 5 million dollargacha bo‘lganda – 1 million dollargacha;

eksport hajmi 5 million dollardan 10 million dollargacha bo‘lganda – 2 million dollargacha;

eksport hajmi 10 million dollardan 15 million dollargacha bo‘lganda – 3 million dollargacha;

eksport hajmi 15 million dollardan 20 million dollargacha bo‘lganda – 4 million dollargacha;

eksport hajmi 20 million dollardan ortiq bo‘lganda – 5 million dollargacha miqdorda moliyaviy resurslar ajratilishi;

bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga 30 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda moliyaviy yordam taqdim etilishi belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasidagi islohotlar respublikamizning barcha hududlarida tatbiq etilishiga erishish uchun tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar respublikaning har bir hududidan eng salohiyatli 100 ta mahalliy korxonaning tashqi bozorlarga chiqishiga yo‘l ochib berish maqsadida “tadbirkordan – eksportyorgacha” tamoyili asosida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi. Dastur ijrosi nazorat qilib boriladi.

O‘ylaymizki, tadbirkorlarga bu kabi imtiyozlar berilishi o‘z bizniyes faoliyatini kengaytirishda ulkan ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi.

Oltinoy MAMIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik 
palatasi deputati.

O‘zA