Tibbiyotda ingichka ichakning zararlanishi, intoksikatsiya, umumiy ahvol og‘irlashuvi va organizm suvsizlanishi bilan kechadigan o‘ta xavfli o‘tkir infeksion kasallik bor. Bu xolera vabosidir.

Mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining yozishicha, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shu kunlarda insoniyat yana bir xavfli epidemiya bilan yuzlashishi ehtimolidan jiddiy tashvishda. Ta’kidlanishicha, bunga yetarlicha asoslar bor.

Oxirgi bir yilda dunyoda xolera vabosiga chalinish holatlari keskin ko‘paygan. Birgina joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 27 mamlakatda ushbu kasallik epidemiyasi kuzatilib, ko‘plab bemorlar hayotdan ko‘z yumgan.

Masalan, Suriyada so‘nggi olti haftada 10 ming nafardan ortiq kishi mazkur xavfli infeksiyaga gumon qilingan.

Pokistonda ham 1500dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli suv toshqinlaridan ko‘p o‘tmay xolera vabosi avj oldi. Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, yaqin haftalarda yana ko‘plab odamlar xastalik qurboniga aylanishi mumkin ekan.

JSSTga ko‘ra, xolera oqibatida bemorlar hatto bir necha soat ichida jon taslim qilishlari mumkin. Shunga qaramay, zamonaviy tibbiyot maxsus muolajalar orqali xastalikni davolash imkoniyatiga ega. Kasallikka qarshi vaksinalar esa vabo profilaktikasida eng samarali choradir.

Jahonda bu yil turli epidemiyalar oqibatida sodir bo‘layotgan o‘lim holatlari besh yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan deyarli uch baravar oshgani har birimizni ogoh bo‘lishga undaydi.

O‘zA