O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini 70 yillik yubileyi bilan chin dildan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Tojikiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Prezident Emomali Rahmonning zamonaviy Tojikistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida bugungi yuksak darajaga erishishdagi o‘rni alohida qayd etildi.

Suhbat chog‘ida ilgari erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport va boshqa muhim yo‘nalishlardagi ustuvor kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga xizmat qiladigan Qo‘shma investitsiya fondi o‘z faoliyatini boshlagani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Faol hududlararo muloqotlarni yanada kengaytirish, mamlakatlarimizda qo‘shma ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, bo‘lajak ko‘p tomonlama uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.