Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 sentyabr kuni elektrotexnika sanoatidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Sanoatda amalga oshirilayotgan modernizatsiya natijasida elektrotexnika tarmog‘i ham o‘zgardi. Oxirgi besh yilda ishlab chiqarish hajmi 4,5 baravar o‘sgan. Bu mahsulotlarning sifati oshganini, bozori borligini bildiradi.

Shu tufayli eksport ham 5 baravar ko‘paygan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 750 million dollardan oshishi kutilmoqda. 2017 yilda bu tarmoqda eksportbop mahsulotlarimiz 25 ta bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 200 taga yetgan. Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 11 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqqan.

Yig‘ilishda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi M.Yunusov tarmoqdagi galdagi ishlar, kelgusi yillarga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar haqida axborot berdi. Aytib o‘tilganidek, bugungi kunda 1 milliard 200 million dollarlik 205 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Yangi mahsulotlar va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish, 2023 yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, tarmoqdagi ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

– Maishiy texnika ishlab chiqarish ko‘paydi degani, bu – aholining sotib oluvchanlik qobiliyati o‘sdi, degani. Oxirgi yillarda elektrotexnika sanoatimiz “qayta tug‘ildi”. Endi uni yanada rivojlantirib, ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish kerak. Pirovard maqsad – ish o‘rni, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tahlillarga ko‘ra, jahon bozorlaridagi vaziyat ikki yilda eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, yurtimizda 1 milliard 300 million dollarlik import bozori bor. Bu imkoniyatlardan munosib ulush olish uchun mahsulot, avvalo, sifatli va taniqli bo‘lishi kerak.

Shu bois Prezidentimiz yangi mahalliy brendlar yaratish va xorijiy brendlarni olib kelish, mahsulotlarni shunga muvofiq sifatli qilib, xaridorlar ishonchini qozonish zarurligini ta’kidladi.

Mamlakatimizda va atrofimizdagi bozorlarda yarim o‘tkazgich va elektron platalarga talab 6 milliard dollarni tashkil etadi. Shu bois bunday korxonalarni ko‘paytirish, elektronika va mikroelektronika yo‘nalishida ilmiy, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarni moliyalashtirish vazifasi belgilandi. Maishiy texnikalarni markirovkalash, eksportni sug‘urtalash va kreditlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Maishiy texnika bor ekan, servis xizmatiga talab ham har doim bo‘ladi. Kasb-hunar maktablarida yoshlarni bu yo‘nalishga o‘qitish ularni ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 9 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish bo‘yicha dastur qabul qilindi. Unda 34 mingta xonadon, vazirlik va idoralarning 6 mingta ob’ektida shunday qurilmalar o‘rnatilishi belgilandi. Aholiga kompensatsiya olish, kreditni 3 yil ichida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratildi.

Iste’molchilarga muqobil energiya qurilmalarini yetkazib berish maqsadida Qashqadaryoda klaster usulida korxona barpo etish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda ushbu loyihaning borishi haqida axborot berildi.

Ma’lumki, elektrotexnika tarmog‘i mis bilan bog‘liq. So‘nggi yillarda yangi konlar o‘zlashtirilib, bu xomashyoning zaxirasi kengaytirildi. Ohangaron tumani va Qarshi shahrida mis klasterlari tashkil etilmoqda. Davlatimiz rahbari bu korxonalarda xorijiy boshqaruvni yo‘lga qo‘yib, chuqur qayta ishlash loyihalari, ilm va innovatsiyani olib kirish zarurligini ta’kidladi.

Kelgusi yil bu yo‘nalishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan 34 ta loyiha ishga tushirilishi qayd etildi.

Yig‘ilishda hokimlar va tadbirkorlarning takliflari eshitildi.