2022 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sib, 2,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bu esa O‘zbekiston tomonidan GSP+ benefitsiar maqomiga ega bo‘lgani sababli amalga oshirildi.

Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlari, intellektual mulk huquqlarini himoya qilish, bojxona nazorati va boshqa yo‘nalishlarda yevropa investitsiyalari va tajribasini jalb qilish orqali ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish va iqtisodiy rivojlanishni yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, muloqot davomida O‘zbekistonning JSTga kirishi doirasida o‘zaro hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. yevropa tomoni ushbu jarayonga texnik va maslahat yordamini ko‘rsatishni davom ettirishini aytib o‘tdi.

Yevropa Ittifoqining 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan hamkorligining 83 million yevrolik yangi Indikativ dasturi ko‘rib chiqildi. Dasturni qishloq va suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni raqamlashtirish va “yashil” texnologiyalarni joriy etishga urg‘u berib rivojlantirish hamda Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish yo‘nalishidagi loyihalar va tashabbuslar bilan boyitish taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbuslar doirasida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zA