Hindistonning kimyo sanoati va o‘g‘itlar davlat vaziri Mansuh Mandaviya boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Hindiston ishbilarmon doiralarining biznes-anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning farmatsevtika va kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Hindistonning kimyo sanoati va o‘g‘itlar davlat vaziri M.Mandaviya va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega ekani, o‘zaro manfaatdorlik va amaliy hamkorlik tamoyillariga asoslangan ishonch va hurmat ruhidagi aloqalar bugun barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot, 2017-yilda ShHTning Ostona sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvi yakunlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, turizm, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, qurilish kabi qator sohalarda yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Hindistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, transport va sayyohlik xizmatlari, o‘simlik sharbatlari va ekstrakti, ko‘nchilik xomashyosi eksport qiladi. Hindistondan O‘zbekistonga farmatsevtika va kimyo sanoati mahsulotlari, mexanik va elektron uskunalar, avtomobil ehtiyot qismlari import qilinadi. 2017-yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 323 million AQSh dollaridan oshdi.
O‘zbekistonda hind tadbirkorlari sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 100 dan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Xususan, farmatsevtika sohasida “Kuramaks Medikal”, “Novafarm”, “Bravo Farm”, “Ultra Xels Kear” kabi qo‘shma korxonalar tuzilgan. Mamlakatimizda Hindistonning 16 kompaniyasi vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tgan.
Forum doirasida mehmonlarga mamlakatimizda ishlab chiqarishni erkinlashtirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish, erkin va kichik sanoat zonalari, ularda investorlar uchun yaratilgan soliq imtiyozlari va boshqa qulayliklar haqida ma’lumot berildi. Hindiston farmatsevtika va kimyo sanoati kompaniyalari vakillari mamlakatimizning shu sohadagi salohiyati bilan ham atroflicha tanishtirildi.
Yurtimizda 1100 dan ortiq turdagi dorivor o‘simlik mavjud. Ulardan 1 ming 400 dan ziyod xildagi dori-darmon ishlab chiqarilayotir. Olimlar yangi preparatlar yaratish ustida izlanmoqda. Bu ishlab chiqaruvchilarni ko‘paytirish, mahalliy preparatlar tayyorlashni kengaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
– O‘zbekiston – Hindiston hamkorligida farmatsevtika tarmog‘i alohida o‘rin tutadi, – dedi M.Mandaviya. – Ushbu tashrifdan maqsad farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, birgalikdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etishdan iborat. Biznes-forum kelajakdagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini bergani bilan muhim ahamiyatga ega.
Anjumanda farmatsevtika va kimyo sanoati sohasidagi aloqalarni faollashtirish, shu orqali savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Hindiston kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etish kabi masalalar muhokama qilindi.