Italiya poytaxti Rim shahrida taekvondo bo‘yicha yilning birinchi Gran-pri turniri yakunlandi.
Italiya poytaxti Rim shahrida taekvondo bo‘yicha yilning birinchi Gran-pri turniri yakunlandi.
Olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari, jahon reytingida eng yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan sportchilar ishtirokidagi uch kunlik bahslar unda ishtirok etgan 8 nafar o‘zbekistonlik taekvondochi uchun ham har tomonlama murosasiz kechdi.
Olimpiya o‘yinlari oltin medal sohibi Ulug‘bek Rashidov ilk saralash bahslarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Ammo yarim final ostonasida taekvondo vatani vakili bo‘lgan janubiy koreyalik sportchiga teng kurashlar ostidagi bahsda yo‘l berdi.
Shuningdek, terma jamoamiz a’zolari Charos Qayumova, Svetlana Osipova va Feruza Sodiqova ham saralash bellashuvlarini g‘alaba bilan o‘tkazishgan bo‘lsada, medallar uchun kurashlarda qatnasha olmadi.
Rim dayanidagi bellashuvlarda terma jamoamiz vakili Shuhrat Salayev 80 kg. vazn toifasida munosib natija qayd etdi. U dastlab iordaniyalik Faxed Sbeyhini, ikkinchi bosqichda Tokio-2020 sovrindori xorvatiyalik Toni Kanayetni, chorak finalda esa ispaniyalik Daniyel Barrerani dog‘da qoldirdi.
Final yo‘lida yurtdoshimizga Tokio-2020 Olimpiadasining yana bir sovrindori misrlik Seyf Eyssa ro‘baro‘ keldi. Birinchi bo‘limni Salayev o‘z foydasiga hal qilgan bo‘lsa ham, keyingi raundlarda tajribali raqib ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirib oldi. Bahslar sarhisobiga ko‘ra, hakamlar Shuhrat Salayevni bronza medaliga loyiq ekanligini ko‘rsatdi.
Yevropada o‘tkazilgan ushbu musobaqa natijalariga ko‘ra, saralash bahslarida muvaffaqiyatli qatnashgan barcha sportchilarimiz munosib reyting ochkolariga ega bo‘ldi. Bu esa Parij-2024 uchun muhim ballar hisoblanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA