“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning kimyo va biologiya fanlariga qiziqishini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida korxona mutaxassislari bir qator umumta’lim maktablarida bo‘lib, uchrashuvlar tashkil etmoqda.
Ana shunday davra suhbati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqala tumanidagi 8-son umumtalim maktabida, Xorazm viloyati Urganch tumanidagi 45-son ixtisoslashtirilgan davlat umumiy ta’lim maktab-internati va Qo‘shko‘pir tumanidagi 9-sonli kimyo-biologiyaga ixtisoslashgan davlat umumiy o‘rta talim maktabida o‘tkazildi.
Tadbirda mutaxassislar yosh avlodga kimyo fanining rivoji asosida yurtimizda barpo etilayotgan korxona va zavodlar, ulardagi mahsulotlar tayyorlash jarayonlari, iqtisodiy rivojlanish ko‘lami, mutaxassislar tayyorlashga qaratilayotgan e’tibor yuzasidan ma’lumotlar berilmoqda. O‘quvchilar Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lmoqda.
Bunday uchrashuvlarni boshqa ta’lim muassasalarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA