Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida

Qirg‘iz Respublikasining “Kabar” davlat axborot agentligi saytida “SHHT Bosh kotibining O‘zbekistonga tashrifi haqida” sarlavhali maqola berildi.

Muallif joriy yil O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilayotgani, ushbu muhim va mas’uliyatli missiya SHHT nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilganini batafsil sharhlagan.

Materialda SHHT Bosh kotibi Chjan Minning mamlakatimizga tashrifi, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokidagi sammitga tayyorgarlikning borishi, O‘zbekiston raisligida qator tadbirlar tashkil etilayotgani atroflicha yoritilgan.

– O‘zbekiston tashabbusi bilan SHHT doirasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari ochildi, – deyiladi, jumladan, maqolada. – Xususan, ilk bor a’zo davlatlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha mas’ul rahbarlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Maqolada, shuningdek, Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi forumi, madaniyat vazirlarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi, o‘simliklar karantini, sport, turizm sohalari bo‘yicha mas’ul idoralar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlar, “SHHT mamlakatlari hamkorligining yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” xalqaro forumi muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgani e’tirof etilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA