Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilari o‘z vaqtida ID-karta olishlari lozimligi to‘g‘risida e’lon berildi.
Mazkur xabarning ko‘plab ommaviy axborot vositalari va boshqa telegram kanallarda oliy ta’lim muassasalariga test sinovlarida ishtirok etish uchun abituriyentlarda ID-karta bo‘lishi shart degan mazmundagi noto‘g‘ri talqin etilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Abituriyentlar tomonidan kelib tushayotgan ID-kartasiz test sinovlarida ishtirok etish bo‘yicha murojaatlar yuzasidan Davlat test markazi quyidagilarni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yil oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari uchun abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish my.dtm.uz sayti orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Abituriyentlarning rasmi va pasport ma’lumotlari Davlat personallashtirish markazi tomonidan onlayn rejimda ro‘yxatga olinadi. Buning uchun abituriyentda biometrik pasport yoki ID-karta bo‘lishi lozim.
Biometrik pasportga ega bo‘lgan abituriyentlar ID-karta olishlari shart emas. Shuningdek, abituriyentlar biometrik pasport bilan ham my.dtm.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
O‘zA