Ezgu ishga, ezgu so‘zga baxshida umr

Ustoz jurnalist, olim, publitsist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Saydi Umirov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Saydi Umirov 1938-yil 10-fevralda Samarqand viloyati, Payariq tumanida tug‘ilgan. Serqirra mehnat va ijodiy faoliyati davomida “San’atning sehrli kaliti”, “Da’vatkor so‘z”, “Sollanib oqayotgan daryo”, “Tolibnoma”, “Ziyobaxsh umr sahifalari” (hammualliflikda), “Dorilfununlar taqdirimda”, “Ma’naviyat mulkiga sayohat”, “Sehrli va mehrli so‘z” kabi ko‘plab kitoblari nashr etilgan, 500 ga yaqin ilmiy, publitsistik maqola, ocherk va esselar muallifi.
Ezgu ishga, ezgu so‘zga umrini baxshida qilgan Saydi Umirovning hayot va ijod yo‘li xuddi o‘zi kabi erkin, samimiy kechmoqda. Buyuk mo‘jiza – SO‘Zning zalvoriyu qudratini, mas’uliyatini yurakdan his etib, uni avaylab, e’zozlab, ehtiyot qilib yashamoqda va ko‘plab shogirdlariga ana shu fazilatni singdirishga intilmoqda. Shoir Eshqobil Shukur aytganidek, samimiyatga samimiyatdan dars berib, ko‘nglidagi bolalik bilan hayotni (borliqni) himoya qilib kelmoqda.
Tadbirda Saydi Umirovga esdalik sovg‘alar topshirildi, shoirlar tomonidan she’rlar o‘qildi.

 

Bayram Aytmurodov, O‘zA