Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2017-2018 o‘quv yilidan mamlakatimizda Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari tashkil etildi.
Ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan yuksak vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmaga ega, aqlan va jismonan yetuk yoshlarni tarbiyalash, o‘quvchilarni Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun maqsadli chuqur tayyorlash ushbu akademik litseylarning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Samarqandda ham chet tillar instituti qoshidagi akademik litseyi tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Samarqand akademik litseyi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
– Qaror talabidan kelib chiqib tugatilgan akademik litseyning uchinchi bosqich o‘quvchilari belgilangan tartibda amaldagi o‘quv dasturlari va ta’lim shart-sharoitlari bo‘yicha ushbu ta’lim muassasasi o‘quv binosida o‘qishni yakunlashi belgilanib, ular Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali akademik litseyi o‘quvchilari safiga kiritildi, – deydi akademik litsey direktori, podpolkovnik Aktam Usmonov. – Birinchi va ikkinchi kurs o‘quvchilari hamda ularning ota-onalari bilan suhbat o‘tkazilganidan so‘ng jami 565 nafar o‘quvchi yangi akademik litseyda o‘qishni davom ettiradigan bo‘ldi. Ular belgilangan tartibdagi namunaviy o‘quv reja va dasturlar asosida dars mashg‘ulotlarida qatnashmoqda. Yaqinda ushbu o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, kelajakda ichki ishlar idoralarida ishlash istagini bildirgan, soha bo‘yicha o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan o‘quvchilar ro‘yxatini shakllantirdik va ichki ishlar vazirligiga taqdim etdik.
O‘z navbatida, akademik litsey o‘qituvchilari tarkibi, ularning kasbiy tayyorgarlik darajasi va yangi talablarga mos kelishini aniqlash maqsadida pedagog xodimlar attestatsiyadan o‘tkazildi. Huquqshunoslik bo‘yicha dars mashg‘ulotlari ko‘pligi e’tiborga olinib, tanlov asosida mutaxassis kadrlar ishga qabul qilindi.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan reja asosida boshqarma sohaviy xizmatlarining tajribali xodimlari kelib, dars mashg‘ulotlari olib borayapti.
Qarorda belgilanganidek, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi akademiyasining kunduzgi ta’lim shakliga qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari tarkibidan amalga oshiriladi.
Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi instituti va Harbiy texnika institutiga o‘qishga kirishda idoraviy akademik litsey bitiruvchilari uchun ularga test sinovlarida to‘plashi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 10 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar tarzida imtiyoz beriladi.
Ushbu oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kira olmagan akademik litsey bitiruvchilari esa ustunlik asosida ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilinadi.
Bunday imtiyoz va imkoniyatlar tufayli akademik litseyda o‘qishga talabgorlar ko‘payishi tabiiy. Lekin muassasaga qabul ichki ishlar organlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib belgilanishini hisobga oladigan bo‘lsak, eng munosib yoshlargina o‘qishga tanlab olinishi oydinlashadi. Ya’ni qabul jarayoni bosqichma-bosqich kompleks tanlov asosida amalga oshiriladi. O‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar dastlabki tanlov, maxsus-professional tanlov va test sinovi topshiradilar.
Dastlabki tanlovda nomzodga tegishli hujjatlar va uni tavsiflovchi ma’lumotlar ko‘rib chiqiladi. Harbiy-tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkaziladi, individual-psixologik xususiyatlari o‘rganiladi, nomzod bilan yakka tartibdagi dastlabki suhbat bo‘ladi.
Maxsus-professional tanlovda nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash maqsadida yozma ish (diktant) olinadi, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov topshiradi.
Tegishli ixtisoslik fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalarning mamlakat bosqichi, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari, o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari dastlabki va maxsus professional tanlov talablariga javob bersa, akademik litseyga test sinovlarisiz qabul qilinish huquqiga ega.
Test sinovlari belgilangan tartib asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda o‘tkaziladi.
Ichki ishlar vazirligining oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni nazarda tutgan ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari talablariga muvofiq, o‘quvchilarni chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, intellektual rivojlanishini ta’minlash maqsadida 2018-2019 o‘quv yili uchun akademik litseyga viloyat hududida yashovchi, umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilaridan arizalar qabul qilish boshlandi.
G‘olib Hasanov, O‘zA