Nukusda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, shahar va tuman bo‘linmalari tomonidan joriy yilning olti oyi davomida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda amalga oshirilgan ishlar va mavjud kamchiliklar atroflicha muhokama etilib, fond tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifa hamda chora-tadbirlar belgilab olindi. Hisobot davrida fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshqaruvi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi qarorlariga asosan 1543 oilaga 7 milliard 524 million 214 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qaroriga asosan qish oylarida ob-havoning keskin sovib ketishi davrida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida fond tomonidan 741 oilaning tabiiy gaz va elektr energiyasidan 903 million 377 ming so‘m qarzdorligi to‘lab berildi. Shuningdek, fond qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan 9885 ta ehtiyojmand oilaga 9 milliard 252 million 747 ming so‘mlik, “Temir daftar”ga kiritilgan 402 ta oilaga 3 milliard 942 million 569 ming so‘mlik, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 112 ta oilaga 169 million 840 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Yig‘ilishda fond faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘linma xodimlariga muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA