Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan, havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, jahon aviatashuvlari bozorida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining raqobatbardoshligini taʼminlash va ushbu sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish uchun mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Jumladan, oʻzida ham davlat tomonidan tartibga solish funksiyalarini, ham tijorat faoliyatiga oid funksiyalarni mujassamlashtirgan boshqaruvning eskirgan va yopiq tizimi tarmoq korxonalarida menejmentning zamonaviy tizimini joriy etish, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini taʼminlash imkonini bermayapti.
Fuqaro aviatashuvlarining, shu jumladan, yer ustidagi infratuzilmadan foydalanishning haddan tashqari monopollashtirilganligi ushbu sohada xizmatlar koʻrsatishning jahon darajasidan ancha ortda qolib ketishiga, shuningdek, mamlakatdagi ayrim aeroportlarning norentabelligiga sabab boʻldi.
Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini jadal joriy etish, tarmoqdagi korxonalarni jahon tendensiyalari va standartlariga muvofiq qayta tuzish, aviatashuvlar bozorida raqobatni rivojlantirish va tarmoqqa investitsiyalarni faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasining “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK) qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bu:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining, shuningdek, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi” davlat unitar korxonalarining negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda – “Uzbekistan Airways” AJ) tashkil etish;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tarkibiga kiradigan davlat unitar korxonalarini 1-ilovaga muvofiq masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirish;
“Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi oʻrinlarda – “Uzbekistan Airports” AJ) 2-ilovaga muvofiq unga xoʻjalik jamiyatlarining ustav jamgʻarmalaridagi davlat ulushini oʻtkazish yoʻli bilan tashkil etish;
“Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK negizida “Uzbekistan Helicopters” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish;
“Oʻzaeronavigatsiya” markazi” davlat korxonasini (keyingi oʻrinlarda – “Oʻzaeronavigatsiya” DK) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
2. Quyidagilar:
a) “Uzbekistan Airways” AJning asosiy vazifalari etib belgilansin:
shu jumladan, parvozlarning yangi yoʻnalishlarini oʻzlashtirgan va geografiyasini kengaytirgan holda havo kemalari parkidan samarali foydalanish;
ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tizimlari va texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, aviaparkni modernizatsiyalash, texnologik qayta jihozlash va yangilash;
havo kemalari bortida yoʻlovchilarga koʻrsatiladigan servis xizmatlari, shu jumladan, xorijiy aviakompaniyalarning aviatsiya texnikasiga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash ishlari sifatini oshirish;
kompaniyaning raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida yoʻlovchilar, yuklar, pochta va bagaj tashish sohasida moslashuvchan tarif siyosatini olib borish;
eng avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan, aksiyalar va korporativ obligatsiyalar chiqarish orqali jalb qilish;
parvozlarni amalga oshirishda yuqori darajadagi xavfsizlikni, shuningdek, havo kemalariga texnik xizmat koʻrsatish sifatini taʼminlash;
aviakompaniyani xalqaro aviatashuvchilar hamjamiyatiga integratsiyalash, aviatashuvlar sohasida mintaqaviy yetakchi darajasiga erishish.
b) “Uzbekistan Airports” AJning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
aeroportlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish uchun, shu jumladan, aeroportlarni boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik va yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish mexanizmlaridan foydalangan holda investitsiyalar jalb qilish;
aviatashuvchilar yoʻlovchilariga aeroportlarda yuqori darajada xizmat koʻrsatilishini taʼminlash, ular uchun zarur barcha qulay shart-sharoitlarni yaratish;
aeroportlar tegishli xizmatlarining samarali faoliyatini taʼminlash, yoʻlovchilar, yuklar, pochta va bagajga xizmat koʻrsatish jarayonini maqbullashtirish;
aerodromlarni parvozlarga oʻz vaqtida va sifatli tayyorlash, parvozlarning muntazamligi va xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish, aerodromlarni saqlash va taʼmirlashning zamonaviy usullarini joriy etish;
havo kemalariga yoqilgʻi quyish va xizmat koʻrsatish uchun foydalaniladigan yoqilgʻi va boshqa yoqilgʻi-moylash materiallarini uzluksiz taʼminlash, shuningdek, ularning sifatini qatʼiy nazorat qilish;
logistika sohasida sifatli xizmat koʻrsatish uchun infratuzilmani takomillashtirish va qulay shart-sharoitlar yaratish;
aeroportlarda savdo, ovqatlanish, yoʻlovchilarga bank va boshqa xizmatlar koʻrsatuvchi zamonaviy obyektlar tarmogʻini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida kengaytirish.
3. “Uzbekistan Airways” AJ Jahon banki guruhini va boshqa xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda, aktivlarning aviakompaniya rentabelligini taʼminlovchi maqbul tuzilmasini hisobga olgan holda oʻz faoliyatining barqaror biznes-modeli ishlab chiqilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki:
“Uzbekistan Airways” AJ shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi” davlat unitar korxonalarining huquqiy vorisi hisoblanadi;
tashkil etilayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar boʻyicha tegishli ravishda qayta tuziladigan davlat korxonalarining huquqiy vorislari hisoblanadi;
“Oʻzaeronavigatsiya” DK shartnomalar, huquqlar va majburiyatlar boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning aeronavigatsiya masalalari qismida huquqiy vorisi hisoblanadi;
“Uzbekistan Airways” AJ ustav kapitali qayta tuziladigan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining, “Uchish majmuasi”, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “Oʻzaviatextaʼminot” moddiy-texnik taʼminot majmuasi” davlat unitar korxonalarining mol-mulkini qoldiq qiymati boʻyicha oʻtkazish, shuningdek, tashkil etiladigan “Uzbekistan Helicopters”, “Uzbekistan Air technics”, “Oʻquv-mashgʻulot markazi” va “Ketring” masʼuliyati cheklangan jamiyatlaridagi davlat ulushini nominal qiymat boʻyicha oʻtkazish hisobiga shakllantiriladi;
“Uzbekistan Airports” AJ ustav kapitali ushbu Farmonning 2-ilovasida koʻrsatilgan korxonalarning ustav kapitalidagi nominal qiymat boʻyicha oʻtkazib beriladigan davlat ulushlari hisobiga shakllantiriladi;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va qayta tashkil etiladigan davlat unitar korxonalarining qonun hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan mol-mulki qayta tashkil etiladigan va yangi tashkil etiladigan korxonalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun oʻtkazib beriladi.
5. Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari boʻyicha axborot-tahlil departamenti tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat tarkibda aviatsiya tarmogʻini isloh qilish masalalari boʻyicha sektor tuzilsin, uning zimmasiga quyidagilarni oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish vazifalari yuklansin:
mahalliy va xorijiy tashuvchilarning milliy havo qatnovlari bozoriga kirish qoidalari;
aeroportlar infratuzilmasini va aeronavigatsion xizmat koʻrsatishni rivojlantirish dasturi;
davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi zarur boʻlgan subsidiyalanadigan aviayoʻnalishlarni tanlash siyosati;
aeroportlar xizmatlarini koʻrsatishda xususiy sektor ishtiroki va raqobat muhitini taʼminlashga doir mexanizmlar;
aeroportlarning aviatsiya va noaviatsiya xizmatlari narxlarini tartibga solish;
fuqaro aviatsiyasi sohasida isteʼmolchilar va atrof-muhitni himoya qilish chora-tadbirlari;
xalqaro aviatsiya tashuvlari sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularning shartlari bajarilishini taʼminlash chora-tadbirlari.
6. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirishni muvofiqlashtirish va amaliy koʻmaklashish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda – Ishchi komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
Ishchi komissiya (A.N.Aripov):
a) ikki hafta muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan davlat korxonalarini qayta tashkil etish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin, unda har bir tadbir oʻtkaziladigan aniq muddatlarni va masʼul shaxslarni koʻrsatsin;
b) 2019-yil 15-yanvargacha boʻlgan muddatda transport tarmogʻini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solishga oid barcha kompleks masalalar uchun javob beradigan Transport vazirligini tashkil etish yuzasidan taklif kiritsin;
v) 2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarning:
qayta tashkil etiladigan va yangi tashkil etiladigan korxonalar ustav kapitaliga (jamgʻarmasiga) oʻtkaziladigan;
qonun hujjatlariga muvofiq xususiylashtirilmaydigan hamda qayta tashkil etiladigan va yangi tashkil etiladigan korxonalarga tasarruf etish huquqisiz bepul foydalanish uchun oʻtkaziladigan mol-mulki roʻyxatini tasdiqlasin;
g) 2019-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda qoʻshimcha kompaniyalarning, shu jumladan, kam byudjetli aviakompaniyalar (loukosterlar) va tijorat aviatsiyasi xizmatlarini koʻrsatadigan korxonalar faoliyati uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrsin.
7. Quyidagilar zimmasiga:
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga – “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKni qayta tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, shuningdek, ushbu Farmonda nazarda tutilgan vazifalar soʻzsiz bajarilishini muvofiqlashtirish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga – aviatashuvlar bozorini bosqichma-bosqich erkinlashtirish chora-tadbirlarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasini boshqarishning yangi tarmoq siyosatini ishlab chiqish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R.Xolmuradov zimmasiga – salohiyatli investorlarni izlash va aviatsiya transporti sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga – davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida aviatsiya transporti sohasida loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari sifatli ishlab chiqilishini taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda Ishchi komissiya tomonidan ushbu Farmonning 6-bandida koʻrsatilgan roʻyxatlar tasdiqlanganidan keyin olti oy muddatda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, ularning ustav kapitallarini shakllantirish boʻyicha ishlar oxiriga yetkazilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki guruhi oʻrtasida Aviatsiya transportini isloh qilish va mazkur sohaga investitsiyalarni jalb qilishga doir uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga koʻmaklashish toʻgʻrisida bitim tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 1 maygacha boʻlgan muddatda Jahon banki guruhi tomonidan oʻtkazilgan ishlar yakunlari boʻyicha 2019-2030 yillarda aviatsiya transporti sohasini isloh qilish va aeroportlarni rivojlantirishga xususiy, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi va “Uzbekistan Airports” AJ Jahon banki guruhini jalb qilgan holda:
2019-yil 1-aprelgacha boʻlgan muddatda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalar amalga oshiriladigan aeroport yoki aeroportlar guruhi aniqlanishini;
2020-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda tanlangan aeroport yoki aeroportlar guruhida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirish uchun tanlovlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga (keyingi oʻrinlarda – Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi):
havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlarni amalga oshirish;
aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishga oid vakolatlarni oʻtkazish;
b)Ishchi komissiya tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga muvofiq, “Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi” DUK tomonidan foydalanilayotgan AN-2 havo kemalarini va tegishli aviatsiya mulkini qoldiq qiymati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga oʻtkazish;
v) “Oʻzaeronavigatsiya” davlat korxonasiga Oʻzbekiston Respublikasining samoviy hududidan tranzit foydalanishda koʻrsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun xorijiy aviakompaniyalarning kechiktirilgan debitor qarzdorligini aeronavigatsiya xizmatlari koʻrsatilgani tasdiqlangan vaqtdan boshlab 12 oy davomida undirish huquqini berish.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlari soni 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Belgilab qoʻyilsinki:
mazkur Farmonga muvofiq tuziladigan xoʻjalik jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda – xoʻjalik jamiyatlari) ijro etuvchi organlarining aʼzolari yetakchi aviakompaniyalarda katta tajribaga hamda korporativ boshqaruv, menejment va moliya sohasida zarur malakaga ega boʻlgan mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy fuqarolar orasidan tanlab olinadi;
mazkur Farmonga muvofiq tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalari paketi boʻyicha aksiyadorning huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi amalga oshiradi;
mazkur Farmonga muvofiq oʻtkaziladigan va qabul qilinadigan mol-mulkning qiymati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqishda soliq solinadigan obyekt hisoblanmaydi;
2020-yildan boshlab xoʻjalik jamiyatlarining moliyaviy hisoboti xalqaro standartlar asosida shakllantiriladi, yetakchi xalqaro auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda yillik mustaqil tashqi auditdan oʻtkazilishi lozim.
14. Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2019 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxs tashkil etmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilansinki:
a) Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
qonun hujjatlariga muvofiq pulli xizmatlar koʻrsatishdan, shu jumladan, aerodrom atrofidagi parvozlar xavfsizligiga xavf solishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirishga ruxsatnomalar berishdan tushadigan mablagʻlar summasining 100 foizi;
maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar summasining 80 foizi;
“Oʻzaeronavigatsiya” DK sof foydasining 5 foizi;
aviatsiya xavfsizligi uchun undiriladigan yigʻimlar summasining 3 foizi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
b) Jamgʻarmaning mablagʻlaridan faqat:
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini moddiy-texnik taʼminlash, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, ijtimoiy himoya qilish, oʻqitish va malakasini oshirish;
Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tadbirlar uchun foydalaniladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda xorijiy kreditlar (qarzlar) boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasining pulli majburiyatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining avval taqdim etilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin;
2019-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda aeroportlarni rivojlantirish hamda havodagi harakatni boshqarish uchun avval jalb qilingan kreditlarni “Uzbekistan Airports” va “Oʻzaeronavigatsiya” DKga qayta rasmiylashtirsin;
2019-yil 1-maygacha boʻlgan muddatda chegirmalarning moslashuvchan tizimini nazarda tutgan holda Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalariga aeronavigatsiya va aeroport xizmatlarini koʻrsatish uchun yagona stavkalar hamda yigʻimlarni tasdiqlasin;
2019-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda rentabelligi past ichki yoʻnalishlar boʻyicha tashuvlarni amalga oshiruvchi aviakompaniyalar uchun zararlar oʻrnini qoplashni moliyalashtirishning barqaror mexanizmini shakllantirishga oid takliflar kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Adliya vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
sirtqi taʼlim olgan fuqaro aviatsiyasi mutaxassislarining maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilishga ruxsat berish;
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish, shu jumladan, ishlab chiqaruvchilar sertifikatlarini tan olishni hisobga olgan holda havo kemalari va aviadvigatellarga texnik xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash uchun olib kiriladigan butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, detallarni sertifikatlash tartibini soddalashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
17. Quyidagilarga:
a) Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalariga Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi tizimi (IATA Clearing House) va oʻzaro hisob-kitoblarning boshqa xalqaro tizimlari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishga;
b) “Oʻzaeronavigatsiya” davlat korxonasiga Yevropa aeronavigatsiya xavfsizligini taʼminlash tashkiloti (EUROCONTROL) orqali xorijiy aviakompaniyalarning Oʻzbekiston Respublikasi samoviy hududidan tranzit foydalanishda koʻrsatilgan aeronavigatsiya xizmatlari uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga ruxsat berilsin.
18. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va uning tarkibiga kiradigan korxonalarga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar mazkur Farmonga muvofiq tuziladigan xoʻjalik jamiyatlariga tatbiq etilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasining rezident aviakompaniyalari belgilangan tartibda tuziladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan:
samolyotlar (TIF TN boʻyicha kodi: 8802, 8803 va 8805), shu jumladan, olib kirilgan vaqtda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan samolyotlar;
jahon brendlarining yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish uchungina foydalaniladigan servis inventari va alkogol ichimliklari uchun 2023 yil 1 yanvargacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etilsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan toʻlovlar bundan mustasno).
20. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:
qayta tashkil etiladigan va tuziladigan korxonalarning avtotransport vositalari;
qayta tashkil etiladigan va tuziladigan korxonalarning koʻchmas mulkiga oid kadastr hujjatlari;
qayta tashkil etiladigan korxonalarning taʼsis hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar davlat tomonidan roʻyxatga olinishini yigʻimlar va bojlar undirmasdan taʼminlasin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) ikki oy muddatda:
havo kemalari ekspluatantlariga bir martalik parvozlar uchun ruxsatnomalar berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanish;
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining xodimlarini uch baravar tarif koeffitsiyentini joriy etishni nazarda tutuvchi moddiy ragʻbatlantirish tartibini tasdiqlasin;
b) uch oy muddatda:
korporativ boshqaruv va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi mustaqil, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ va “Uzbekistan Airports” AJ ijro etuvchi organlari tashkiliy tuzilmalarining, shuningdek, kuzatuvchilar kengashlari tarkiblarining tasdiqlanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga fuqaro aviatsiyasi sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarliklarga oid ishlarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq funksiyalarni davlat organlariga oʻtkazishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
22. Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B.Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi
Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 27-noyabr