Kompyuterlarni buzish bilan shug‘ullanadigan Anonymous xakerlar guruhi Rossiyaga kiberurush e’lon qildi va RT telekanaliga uyushtirilgan xakerlik hujumi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

“Anonymous jamoasi Rossiyaga rasman urush e’lon qiladi”, – deyiladi guruhning Twitter orqali tarqatgan bayonotida. Xakerlar o‘z xabarlariga #Ukraine xeshtegini qo‘shib qo‘ygan.

Avvalroq RT telekanali chorshanba kunidan buyon saytiga DDoS-hujumlari uyushtirilayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Shuningdek, kiberhujumlarning 27 foizi AQSH hududidan uyushtirilayotgani ham aytib o‘tilgan.

Payshanba kuni Kreml, Rossiya hukumati, Davlat dumasi va Federatsiya Kengashi saytlari ham qiynalib ishlagan. Prezidentning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’muriyat resurslari hujumga uchramaganini ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.