O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 fevraldagi “Turizm, madaniy meros va sport sohalarida davlat boshqaruvini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–75-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar:

Turizm va madaniy meros vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Turizm va madaniy meros vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 84 nafar bo‘lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Turizm va madaniy meros vazirligining hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 386 nafar etib belgilansin.

3. Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziriga:

turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosarlari o‘rtasida aniq vazifalar va funksiyalarni taqsimlash;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;

zarur hollarda, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi markaziy apparati, shuningdek, tizim tashkilotlari tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari tuzilmalari va nizomlarini tasdiqlash, shuningdek, ular boshqaruv xodimlarining cheklangan sonini belgilash huquqi berilsin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) etib qayta nomlanadi;

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Jamg‘arma mablag‘lari Turizm va madaniy meros vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tizim tashkilotlari xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi;

Turizm va sport vazirligining mol-mulki, shu jumladan, avtotransport vositalarini Turizm va madaniy meros vazirligiga o‘tkazishda qayta rasmiylashtirish uchun to‘lovlar undirilmaydi;

Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan, o‘zgartirilayotgan va boshqa tashkilotlar tizimiga o‘tkazilayotgan tashkilotlarga biriktirilgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga va boshqa mol-mulkka bo‘lgan huquqlar tegishli yig‘imlar va boshqa to‘lovlar undirilmagan holda qayta rasmiylashtiriladi;

Turizm va sport vazirligining markaziy apparati xodimlarini Turizm va madaniy meros vazirligiga ishga qabul qilish Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri tomonidan tegishli davlat organlari tomonidan ilgari amalga oshirilgan kelishuvlarni, tanlov natijalarini inobatga olgan holda, mustaqil amalga oshiriladi;

Turizm va madaniy meros vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangunga qadar, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda hududiy bo‘linmalar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 iyuldagi 477-son qarori bilan tasdiqlangan Turizm va sport vazirligi to‘g‘risidagi nizomga va amaldagi tartibga asosan amalga oshiriladi.

Turizm va madaniy meros vazirligi bir oy muddatda vazirlik to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:

muassisi Turizm va madaniy meros vazirligi hisoblangan korxonalar va tashkilotlar (keyingi o‘rinlarda – tizim tashkilotlari) ixtiyorida soliqlar va yig‘imlar to‘langanidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi;

xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlarga muvofiq davlat mulki ob’ektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan tegishli mablag‘lar;

tizim tashkilotlarining mol-mulkini (bundan ko‘chmas mulk mustasno) sotishdan tushgan mablag‘larning 50 фоизи;

tizim tashkilotlarining mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan byudjetga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning 50 фоизи;

tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Turizm va madaniy meros vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan Davlat byudjeti mablag‘larining, shuningdek, talon-taroj, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 фоизи;

tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Turizm va madaniy meros vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan hamda davlat maqsadli jamg‘armalari va byudjetdan tashqari jamg‘armalar daromadiga undirilgan noqonuniy sarflangan byudjet mablag‘lari, talon-taroj, rastratalar, kamomadlar summalari;

tizim tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan mablag‘larning 10 фоизи;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

turizm va madaniy meros sohalaridagi davlat-xususiy sheriklik loyihaларини amalga oshirishdan tushadigan mablag‘lar;

jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy davlatlarning grantlari va texnik ko‘maklashish mablag‘lari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Turizm va madaniy meros vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Davlat byudjetining 2022 yil uchun tasdiqlangan byudjet parametrlariga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniy meros agentligi Toshkent shahri, Amir Temur shoh ko‘chasi, 107 b-uy manzili bo‘yicha joylashtirilsin.

8. Turizm va madaniy meros vazirligi:

ikki hafta muddatda vazirlikning hududiy, tarkibiy va quyi bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomlar (ustavlar), ularning tuzilmalari, shuningdek, xodimlarning lavozim yo‘riqnomalari qayta тасдиқланишини ta’minlasin;

bir oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

         Prezidenti                       Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 18 fevral