O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ko‘makka muhtoj fuqarolarga va yolg‘iz keksalarga pul yordami ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish va samaradorligini yanada oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 27 martdagi “2003 yilning 1 aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha beriladigan imtiyozlar o‘rniga kompensatsiya pul to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–3227-son Farmoniga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslar uchun uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha qonunchilik asosida beriladigan imtiyozlar o‘rniga oylik kompensatsiya pul to‘lovlari (keyingi o‘rinlarda – kompensatsiya to‘lovi) joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki, 2022 yil 1 martdan boshlab:

a) kompensatsiya to‘lovi, uni olish huquqiga ega bo‘lgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qat’i nazar to‘lab boriladi;

b) ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslarga kompensatsiya to‘lovi joriy etiladi.

Bunda ijtimoiy nafaqa oluvchi o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar uchun har oylik kompensatsiya to‘lovi – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi miqdorida to‘lanadi;

v) yoshi 100 ga to‘lgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda – pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanadi.

Bunda 100 yoshga to‘lgan va undan oshgan fuqarolar nafaqasiga har oyda to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika byudjeti va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

3. Moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ushbu Farmon maqsadi, vazifalari va bundan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

5. Ushbu Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga hamda kompensatsiya va qo‘shimcha to‘lovlarning fuqarolarga pensiya va nafaqa to‘lanadigan muddatlarda to‘lab borilishini ta’minlashga mas’ul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                        Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 28 yanvar