O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish, aholining uy-joyga bo‘lgan yuqori talabini qondirish, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar taqdim etish ishlarini davom ettirish, xususiy pudrat tashkilotlarini zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishiga keng jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-32-son farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Belgilansinki, 2021 yil 10 dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tartibi doirasida:
daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga Davlat byudjetidan subsidiyalar to‘lashda kvartira maydonining eng ko‘p me’yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanadi;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi;
sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat’i nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi;
dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali to‘lanadi;
fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi;
Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ orqali joylashtiriladi;
tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki ko‘rsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi.
2. Quyidagilar:
2022 yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2022 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
2022 yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun qat’iy belgilangan subsidiya miqdori 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ushbu farmon bilan tegishli hudud uchun belgilangan ipoteka kreditlari va subsidiyalar sonini oshirishga ruxsat berilsin.
3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion g‘oliblariga lot qiymatining 30 foizini auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, qolgan qismini 12 oy davomida teng miqdorda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;
b) 2022 yil 1 yanvardan boshlab pudrat tashkilotlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qurilishi tugallanmagan, tom yopish ishlari bajarilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta’minoti sifatida garovga taqdim etishga ruxsat etiladi;
v) 2023 yil 1 yanvarga qadar:
sement mahsuloti (TIF TN kodi 2523) va energiya tejamkor bazalt qoplamalari (TIF TN kodi 6806 1000 08) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi;
“Yangi O‘zbekiston” massivlarida, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarda va ularning bo‘sh turgan yer uchastkalarida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun sement hamda metall prokatini sotish bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
g) 2024 yil 1 yanvarga qadar ro‘yxati 4-ilovada ko‘rsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi PQ-4701-son qarori bilan joriy etilgan xususiy pudrat tashkilotlarining tijorat banklaridan olgan kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kafillik va kompensatsiya to‘lash tartibi 2022 yil 31 dekabrga qadar uzaytirilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, kafillik va kompensatsiyalar Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda – 5 va undan yuqori qavatli uy-joy qurilishi uchun ajratilgan va bitta uy-joy uchun kreditning 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha beriladi.
Bunda, kafillik va kompensatsiyalar qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joydagi jami kvartiralar sonining kamida 70 foizi maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan kvartiralar tashkil etganda beriladi.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
a) 2021 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida:
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olish bo‘yicha arizalar 2021 yil 20 dekabrgacha qabul qilinadi va 2021 yil 25 dekabrgacha ko‘rib chiqiladi;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalar ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslarga ipoteka kreditlari va subsidiyalar 2021 yil 10 dekabrga qadar amalda bo‘lgan shartlar va miqdorlarda ajratiladi;
subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning maydoni va narxi 2021 yil uchun o‘rnatilgan kvartira maydonining eng ko‘p me’yori va uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘lanadi;
b) 2022 yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida arizalar 2021 yil 25 dekabrdan boshlab qabul qilinadi.
6. Moliya vazirligi (Ishmetov) Markaziy bank (Nurmuratov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Boboyev) bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, “maqsadli ipoteka omonati” mexanizmini joriy qilish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida 5-ilovaga muvofiq 1 000 ta kvartira sotib olish choralarini ko‘rsin.
Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq sotib olingan kvartiralar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga belgilangan tartibda ajratiladi.
8. Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022 yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun 4 000 ta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurish va ushbu ishlar bo‘yicha buyurtmachi etib “O‘zshahar qurilish invest” IK MCHJni belgilash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022 yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun ko‘p qavatli uy-joylar qurishning asosiy parametrlarini hamda qurish uchun ajratiladigan yer maydonlarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) bir oy muddatda Toshkent shahrida kamida 5 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda kamida 2 tadan ipoteka xizmatlarini ko‘rsatish markazlarini tashkil qilsin;
b) ushbu markazlarda:
uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub’ektlari, qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar, ulardagi kvartiralar soni, maydoni, qiymati va joylashuvi, kredit olish mumkin bo‘lgan tijorat banklari va ular tomonidan beriladigan kreditlarning shartlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini;
subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarni berish, uy-joy oldi-sotdisi va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish, uy-joyga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (Ko‘chimov) Moliya vazirligi (Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (Boboyev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur farmonning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. Mazkur farmonning ijrosini tashkil qilishga mas’ul etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J.Ramatov va J.A.Qo‘chqorov, moliya vaziri T.A.Ishmetov va qurilish vaziri B.I.Zakirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 9 dekabr