O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Hududlarda sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va resurs imkoniyatlarini kengaytirish, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida:

1. Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalari uchun zamonaviy tibbiy uskunalar xarid qilish hamda ulardagi mutaxassislarning yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan Moliya vazirligiga uning talabnomalariga asosan 2021-2022 yillarda 100 million AQSH dollarigacha ekvivalentdagi milliy valyutada yillik 2 foiz stavkada kredit mablag‘lari ajratilsin. Bunda, ushbu mablag‘lar Moliya vazirligining talabnomalari taqdim etilgan sanadan boshlab 3 yil muddatgacha beriladi.

2. Moliya vazirligi mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq ajratilayotgan mablag‘larni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan talabnomalariga hamda belgilangan stavkaga ko‘ra qaytarish sharti bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ularga byudjet ssudasi sifatida ajratsin. Bunda, Moliya vazirligi kredit mablag‘larini respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashga va yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda ularning mutaxassislari malakasini oshirishga ham yo‘naltirishi mumkin.

3. Belgilansinki:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan birgalikda xatlov o‘tkazish asosida har bir hudud va muassasa kesimida tibbiy uskunalarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlaydi hamda ssuda mablag‘lari hisobidan xarid qilinadigan uskunalar ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligiga kelishish uchun kiritadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari kelishilgan ro‘yxatga asosan tibbiy uskunalarni xarid qiladi. Bunda, ushbu jarayonga “O‘zmedimpeks” mas’uliyati cheklangan jamiyati agent sifatida jalb qilinishi mumkin;

tibbiy uskunalarni xarid qilish bo‘yicha texnik topshiriqlar va tender hujjatlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasida (keyingi o‘rinlarda – Markaz) kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari ajratilayotgan ssuda mablag‘larining samarali va maqsadli ishlatilishi hamda o‘z vaqtida qaytarilishiga shaxsan mas’ul hisoblanadi;

xorijda malaka oshiradigan tibbiyot xodimlari ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tanlov (konkurs) asosida shakllantiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 maydagi PF–6221-son Farmoni bilan tashkil qilingan Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga hududlardagi tibbiyot muassasalari mutaxassislarining yetakchi xorijiy tibbiy muassasalarda malakasini oshirish maqsadida Markazda kompleks ekspertizadan o‘tkazish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.

4. Davlat tuman (shahar) va viloyat tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Hisob palatasi (B.Turabov) ushbu qaror doirasidagi tibbiy uskunalarni xarid qilish jarayoni va ulardan samarali foydalanish ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ma’lumot kiritib borsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

       Prezidenti                                                                               Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 11 noyabr