Shohjahon Ergashev: Bugungi g‘alaba barchamizniki!​

Xabaringiz bor yengilmas bokschimiz Shohjahon Ergashev amerikalik Soni Fredriksonga qarshi ringga ko‘tarilib, uchinchi raundda nokautga uchratdi. 

Mazkur jangdan so‘ng Shohjahon Ergashev O‘zA muxbiri bilan suhbatlashdi.

– Shohjahon g‘alaba muborak bo‘lsin. Jang haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

– Rahmat! Bu g‘alaba barchamizniki! Jang haqida gapiradigan bo‘lsam, hammasi o‘ylaganimdek bo‘ldi. Soni juda qiziqqon bo‘lishiga qaramasdan tezkor jang uslubiga qarshi bahslashishi qiyin. Men uni har bir harakatini bilar edim, shu sababli ham g‘alaba qozondim.

– Vazn o‘lchash marosimida o‘rtangizda ziddiyat kelib chiqdi. U sizga nimalar dedi?

– To‘g‘ri biroz bahsli vaziyat bo‘ldi. Lekin professional sportda bu kabi ziddiyatlar bo‘lib turadi. U ko‘p maqtandi, yutaman, sen uchun oxirgi jang shu kabi har xil gaplarni aytdi. Men uning gaplariga e’tibor ham berganim yo‘q. Men g‘alabani qo‘lga kiritishimga va uni nokautga uchratishimga ishonar edim. Isbotini butun dunyo ko‘rdi. Asl o‘zbek farzandlari doimo o‘z kuchiga ishongan va mard bo‘ladi. Bu sport, shu sababli ham men barcha raqiblarimga hurmat bilan qarayman.

– Samimiy suhbatingiz uchun rahmat!

– Faoliyatimni tezkor yoritib borayotganingiz uchun sizlarga ham rahmat. G‘alabam yuqorida aytganimdek, butun O‘zbekistonimizniki. Xalqimiz va yaqinlarimning ishonchini oqlaganimdan xursandman.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA