O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tdi. Xalq ovoz berib, o‘z so‘zini aytdi. Garchi hech kim ustma-ust majlis o‘tkazib, saylovni yoritish bo‘yicha buyruqona ohanglarda topshiriq bermagan bo‘lsa-da, biz muxbirlar imkon qadar ushbu jarayonni faol yoritdik.

Nazarimda, ishga yangi kelgan xodim ham, ko‘p yillik tajribaga ega hamkasblar ham buni azbaroyi shu Vatanni sevgani, unda kechayotgan muhim jarayonlarga befarq bo‘lmagani, o‘zi, oilasi, farzandlari taqdirini shu tabarruk yurt bilan vobasta ko‘rganidan “non stop” rejimida ishladik, desak mubolag‘a bo‘lmas!

Keyingi yillardagi o‘zgarishlarni butun jahon e’tirof etmoqda. Yashirishning nima keragi bor, chet elliklar maqtovga ancha ziqna bo‘lishini kasb orqali yaxshi bilaman. Yangilanayotgan O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni ularki e’tirof etayaptimi, demak bundan bir necha yillar avval boshlangan islohotlar natijadorligi hatto chet elliklar nazariga ham tushib ulguribdi.

Saylovni kuzatish uchun ming nafarga yaqin kuzatuvchi kelgan bo‘lsa, qirq-ellik nafari bilan hamsuhbat bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Lekin ularning birortasi “men intervyu bermayman, mening o‘z fikrim bor, uni jurnalistlarga aytmayman”, degani yo‘q! Yutuqlarni, mavjud jarayonni boricha gapirdi ular. Vatanimizga ehtiromi, yurt qayg‘usidagi yetakchimizning ming mashaqqatli zahmatlarini tan olgani uchun mening ham xorijlik mehmonlarga ehtiromim ancha ortdi!

Xizmat safari bilan xorijda bo‘lgan qadrdonim bilan suhbatlashib, uncha-munchasiga balandparvoz fikr bildirmaydigan bu insonning mudom shukronalikka undagani xayolimni oldi. Aytishicha, pandemiyadek o‘ta murakkab va sinovli bir davrda Yevropaning mana-man degan davlatlarida ish o‘rinlari keskin qisqarmoqda. Demakki, oddiy odamlarning non topish imkoniyati kamaymoqda. Birovning birov bilan ishi yo‘q…

Bizda-chi? O‘tgan besh-olti yillar mamlakat hayotini, ongu tafakkurimizni butkul o‘zgartirib yubordi. Endi “Bizga bo‘laveradi” qabilidagi yondashuvlar ham, keraksiz qarsakbozligu maqtovlar, balandparvoz gaplar bizga yarashmasligini islohotlar shiddati ko‘rsatmoqda.

Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy jabhalarda jadal yangilanish jarayonlari kechmoqda. Odamlar haq-huquqlarini tanishi, talab qilishi, shuning barobarida fuqarolik majburiyatlarini anglashi, fikrini emin-erkin ifoda qilishi uchun sharoit yaratildi.

Xalqni o‘ylantirayotgan muammolar to‘lib-toshib yotgani yashirib o‘tirilmadi. Ular martabali binolarning kabinetlarida emas, mamlakatimizning olis-olis, eng chekka hududlariga bevosita borib, ko‘rib, oddiy odamlar bilan dildan samimiy suhbatlashib, tahlil qilmoqda, o‘rganib, tezkor hal qilmoqda. Ayol va qizlar, nuroniylar, yoshlarga oid masalalarga eng ustuvor vazifa sifatida yondashilmoqda.

Biror-bir yilt etgan, xalqimizning ko‘nglini ko‘targan, unga taskin bo‘lgan yangilik, ezgulik, xayrli amaliy tashabbus borki, bari odamlar, ko‘pchilik, butun hamyurtlarimiz bilan bamaslahat tarzda joriy etilmoqda. Adashganlarga, turli yolg‘on g‘oyalarga uchib, yer kurrasining olovli nuqtalariga borib qolganlarga, ularning oilalari, norasida va begunoh farzandlariga bir emas qayta-qayta rostmana MEHR ko‘rsatilmoqda. Xatolarni anglash, ularni to‘g‘rilash uchun imkon berilmoqda. Shu tabarruk tuproqni ko‘zga surtish imkoni berilmoqda.

Og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar sabab chet mamlakatlarda non topish ilinjida yurgan musofir hamyurtlarimiz o‘z holiga tashlab qo‘yilmayapti. Ularning og‘irini yengil qilish uchun hamma imkoniyatlar ishga solinyapti.

Ha, bugun mamlakat ravnaqiga munosib hissa qo‘shganlar ham, oddiy odamlar ham, mushkul ahvolga tushib qolganlaru xato yo‘lga kirganlarga ham e’tibor ko‘rsatilmoqda! Hech kim mehrdan benasib qolmayapti. Bir oilani, ro‘zg‘orni risoladagidek boshqarish, barini badastur etish, yana tartib, intizom, odamgarchilik, insoniylik, o‘zlikni unutmaslik oson emas! Butun mamlakatni risoladagidek boshqarish, muammolariga balagardon turib berish, ularga tezkor yechim topish undan ming chandon og‘ir!

Ota-onamiz har kuni dasturxon atrofida mamlakat yetakchisini, yurtga rizq berayotgan dehqonu mirishkorlarni, xalqimizni, jonajon O‘zbekistonimizni Yaratgan o‘z panohida asrasin, deb duo qilishdan charchashmaydi. Ezgu tilaklarda hikmat ko‘pligi bugungidek munavvar kunlarda yanada teran bilinarekan!

 

Nazokat Usmonova, O‘zA