O‘zbekiston iqtisodiyotida yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish uchun makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanadi.
Bunda, 2023 yil oxirigacha inflyatsiya darajasi 5 foizga tushiriladi.
Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 2,5 foizdan oshmasligi ta’minlanadi.
Buning uchun, byudjet mablag‘larini samarali taqsimlash va nazorat qilishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan buyon, byudjet xarajatlari birinchi navbatda fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash va hududlarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Ma’lumki, bu yildan boshlab joriy etilgan “Fuqarolar byudjeti” dasturi doirasida 14 ta tuman byudjetining 5 foizi, aholi takliflari asosida dolzarb muammolarni yechishga qaratildi.
Kelgusi yildan boshlab har bir tuman byudjetining kamida 5 foizi ushbu dastur orqali taqsimlanadi. Shu tariqa bevosita aholining talablari asosida yiliga 1,5 – 2 trillion so‘m mablag‘, joylardagi eng dolzarb muammolarni hal etishga sarflanadi.
Yana bir muhim masala – yangidan jalb qilinadigan yillik tashqi qarz miqdori 5 milliard dollardan oshmasligi ta’minlanadi.
Iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni ko‘paytirish maqsadida, kelgusi 5 yilda fond bozori hajmi 200 million dollardan 7 milliard dollarga yetkaziladi.
Bunda, mamlakatimizda kapital olib kirish bo‘yicha mavjud cheklovlar qayta ko‘rib chiqilib, barcha uchun qulay bo‘lgan shart-sharoitlar yaratiladi.
O‘zA